Odam savdosi – mudhish jinoyat

Reja:

  1. Asosiy qism:
    • Odam savdosi haqida tushuncha
    • Odam savdosining kelib chiqish sabablari
    • Odam savdosiga qarshi kurashish yo`llari

Hech kim qiynoqqa solinishi, zo`ravonlikka,

shavqatsiz yoki inson qadr-qimmatini

kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor

etilishi mumkin emas.

(O`zbekiston Respublikasi

Konstitutsiyasi. 26-modda)

Tarixdan bizga ma’lumki bir necha asrlar davomida dunyoda quldorlik tuzumi hukmronlik qilib kelgan. Bu davrda qullar jamiyatning eng pastki tabaqasi hisoblanib o`z hukmdorlariga xizmat qilgan. Ularning tasavvurida bu hayot qonuni edi. Hatto, buyuk Yunon faylasufi Arastu ham o`z ta’limotida shunday deydi: “Qullik – tabiiy bir hodisa va u doimo ishlab chiqarish negizi bo`lishi lozim”. Garchi bu qarashlar hozirgi demokratik prinsplarga to`gri kelmasada, o`sha davrlarda jamiyat bu ta’limot asosida hayot kechirgan. Vaqtlar o`tib ilm-fan, san’at, madaniyat va savdo-sotiq rivojlandi. Savdo-sotiq rivojlanishi asosida xalqlar o`rtasida turli xil matolar, hunarmandchilik buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari ayriboshlandi. Lekin hozirgi kunga kelib shunday bir savdo turi ham rivojlandiki, u global muammolardan biriga aylandi. Bu – odam savdosi. Ha, afsuski qandaydir mato yoki qimmatbaho buyum emas, aynan odam savdosi. Ushbu muammoni yechimini topish, unga qarshi kurashish butun dunyo xalqlarining asosiy vazifalaridan biri bo`lib qolmoqda.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, odam savdosi bugungi kunga kelib dunyo xalqlarini tashvishga solayotgan jiddiy muammolardan biriga aylandi. U insonlarning  osoyishta  hayoti, huquqlari, qadr-qimmati va kelajagiga jiddiy tahdid  solmoqda. O`zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to`g`risida”gi qonunida unga quyidagicha ta’rif berilgan: “Оdam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o`g`irlash, firibgarlik, aldash, hokimyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to`lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og`dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilishdir. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning foxishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini,  majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka o`xshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson a’zolari yoki to`qimalarini ajratib olishni anglatad”.

Umuman olganda, odam savdosi – hozirgi kunda qullikning zamonaviy ko`rinishi bo`lib, inson huquqlarining poymol bo`lishiga olib kelmoqda. Natijada bu savdoga asir tushgan odam o`z insoniylik mavqeyini yo`qotib, sotiluvchi va sotib olinuvchi mahsulotga aylanmoqda.

Odam savdosi jamiyatning moddiy, texnik, intellektual salohiyatini pasaytiradi, uning genofondini buzadi. Undan saqlanmoq, odamlarni ogohlikka chaqirmoq jamiyat oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir. Zero, odam savdosi – hudud, chegara, millat tanlamaydigan mudhish jinoyatdir.

Shu o`rinda odam savdosi jinoyatining quyidagi shakllarini sanab o`tish mumkin:

  • Majburiy mehnat obyekti sifatida odam savdosi;
  • Odamning tabiiy organlarini ajratib olish maqsadida odam savdosi (transplantatsiya);
  • Jinsiy eksplutatsiya obyekti sifatida ayollar savdosi;
  • Jinsiy eksplutatsiya obyekti sifatida bolalar savdosi.

Statistik ma’lumotlarga ko`ra har yili dunyo bo`yicha 3 millionga yaqin kishi shu mudhish jinoyatning qurboniga aylanmoqda. Ularning  80-90% ko`rsatkichini esa ayollar va bolalar tashkil etmoqda. Odam savdosi tufayli olinayotgan daromad esa giyohvandlik vositalari va noqonuniy qurol-yarog` savdosidan keyin uchinchi o`rinni egallamoqda. Bu esa ushbu mudhish jinoyatning qanchalar xavfli illatga aylanganligidan dalolat bermoqda.

2.2. Qayd etish lozimki, insonlarning odam savdosiga tushib qolishlarining asosiy sabablarini faktor tahlil qilganimizda quyidagilar kelib chiqdi:

  1. Insonlarning o`z huquqlarini, milliy va xalqaro normativ-huquqiy hujjatlarni bilmasligi, mustaqil va erkin fikr yurita olmasligi.
  2. Dunyoda ishsizlar sonining oshib borayotganligi.
  3. Odamlarning noshukurligi, boriga qanoat qilmay, tez va oson mo`may daromad topish ilinji.

“Olib borilgan tadqiqotlarga ko`ra, firibgar qo`liga tushgan va odam savdosi qurbiniga aylangan shaxslarning aksariyati ularga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiqqa o`tkazilganligi haqidagi ma’lumotlar oshkor bo`lishidan cho`chishsa, qaysidir ma’noda iymanishsa, qolganlari esa o`zining xorijga noqonuniy chiqqanligi fosh bo`lishidan qo`rqadilar. Shuning uchun ham bunday jinoyat qurbonlarining ko`pchiligi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etmaydilar. Bu esa odam savdosi bilan shug`ullangan kimsalarning javobgarlikdan qutulib qolishiga olib keladi  va natijada ular tomonidan o`zlarining qabih ishlarini davom ettirishga imkon yaratib beriladi”,  degan edi, – O`zbekiston Respublikasi Transport prokurorining katta yordamchisi Tolibjon Karimov biz-talabalar bilan o`tkazgan suhbatida.

Nazarimizda yuqoridagi faktorlar ushbu jinoyatni davom ettirishga sabab bo`lmoqda.

O`zbekiston Respublikasi ijtimoiy yo`naltirilgan, bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat sifatida insonning qadr-qimmati, huquq va manfaatlarini oily qadriyat deb biladi va ularni amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Fikrimizning dalili sifatida bosh Qomusimizdagi  davlatimizda demokratiya umuminsoniy prinsplarga asoslanishi, ularga ko`ra inson,  uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi, har birimiz erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga egaligimiz, hech kim qiynoqqa solinishi,  zo`ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi kabi normalarni keltirishimiz mumkin.

Shuning uchun ham ushbu global illatga qarshi kurashish yuzasidan mamlakatimizda keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan,  2008-yil 17-aprelda qabul qilingan “Odam savdosiga qarshi kurashish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni va O`zbekiston Respublikasining birinchi Prezident Islom Karimovning 2008-yil 8-iyuldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko`lamini yanada kengaytirishda muhim huquqiy asos bo`lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, Respublikamizda odam savdosidan jabr ko`rgan fuqarolar uchun Vazirlar Mahkamasining  2008-yil  5-noyabrdagi “Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo`yicha Respublika reabilitatsiya markazini tashkil etish to`g`risida”gi qarori bilan Respublika reabilitatsiya markazi tashkil qilindi va hozirda jinoyatdan jabr ko`rganlar uchun faoliyat ko`rsatmoqda.

Odam savdosiga qarshi kurashishda birgina huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa tegishli idoralar tomonidan ko`rilayotgan chora-tadbirlar kamlik qiladi. Avvalambor bu masalaga mahalla fuqarolar yig`inlari va fuqarolarning o`zlari jiddiy e’tibor qaratmoqliklari lozim. Oilada ota-onalarimiz farzand tarbiyasiga befarq qaramasliklari kerak.  Zero, Abdurauf Fitrat bobomiz quyidagi fikrlarni bildirgan edilar: “Xalqning aniq maqsad sari harakat qilishi, davlatmand bo`lishi, baxtli bo`lib izzat-hurmat topishi, jahongir bo`lishi yoki zaif bo`lib xorlikka tushishi, baxtsizlik yukini tortishi, e’tibordan qolib, o`zgalarga tobe va qul, asir bo`lishi ularning o`z ota-onalaridan bolalikda olgan tarbiyalariga bog`liq”.Shunday ekan, bunday tahlikali va keskin sharoitda nafaqat ota-onalar balki, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik va ayniqsa biz yoshlar ham bu borada ogohlik va hushyorlikni yanada oshirishimiz lozim.

Xulosa qilib aytganda, xalqimizda: “Xo`rozqandni chet elniki desa yotvolib yalaydi” deganlaridek, ularning ko`pchiligi chet elga borib ko`p pul topaman deb, bir burda nonga zor qulga aylanib qolmoqdalar. Zero, xalqimizda yana bir maqol borki: “Har yerni qilmagin orzu, har joyda ham bordur toshu-tarozu”.  Agarda ular chet elga borib ishlamoqchi ekanlar, bu ishni qonun doirasida qilganlarida edi, qullikka tushib qolmasdilar. Zero, O`zbekiston Respublikasining  “Aholini ish bilan ta’minlash to`grisida”gi qonunning  13-moddasida fuqarolarning mamlakat hududidan tashqarida mehnat qilish, mustaqil ish qidirish va ishga joylashish huquqi mustahkamlab qo`yilgan. Demak, yurtdoshlarimiz qonun doirasida mamlakatimizdan tashqari chet el hududida ham mehnat qilish huquqiga ega. Lekin, fuqarolar bu boradagi huquq va majburiyatlarni bilmasdan, o`ylamay tashlagan  qadami mudhish oqibatlarga olib kelmoqda. Bugungi kunda yurtimiz tomonidan ko`plab davlatlar bilan shartnomalar tuzilgan. O`zbekiston fuqarolari  u yerda qonuniy ishlash huquqiga egadirlar. Xorijga mehnat migratsiyasi bo`yicha ketayotgan fuqarolarning shartnoma hujjatlari Tashqi ishlar vazirligi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan o`rganilib ruxsat beriladi.  U yerda fuqarolarning mehnat staji, tibbiy yordam va huquqlari kafolatlanadi. Shunday ekan, chet elda mo`may pul va’da qilishsa har qanday kishilarning so`zlariga aldanib qolmaslik kerak.

Odam savdosi qurbonlarining ko`p qismini aynan yoshlar tashkil qilayotganligini hisobga olsak, bu borada yoshlar bilan ko`proq tushintirish ishlarini olib borish talab etiladi. Hozirda yurtimiz aholisining 60% ini yoshlar tashkil etmoqda. Texnika va texnologiya shiddat bilan rivojlanayotgan bu davrda ularning ko`pchiligi o`z vaqtlarini turli xil ijtimoiy tarmoqlarda o`tkazmoqdalar. Shu sababli, nafaqat televediniya va gazeta jurnallarda balki ijtimoiy tarmoqlarda ham odam savdosidan ogoh bo`lish borasidagi turli reklama roliklarni, fotolavhalarni joylashtirish, muntazam targ`ib qilish lozim. Ta’lim muassasalarida bu borada tadbirlar sonini va sifatini oshirish maqsadga muvofiq.

Hozirgi kunda mamalakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan tadbirkorlikka keng imkoniyatlar yaratilmoqda. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag`ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo`shma majlisidagi nutqlarida ular shunday degan edilar: “Yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo`lib, dunyo miqyosida  o`z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo`sh kelmaydigan insonlar bo`lib kamol topishi, baxtli bo`lishi uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz”.  Bu so`zlarning isboti sifatida xalqimizga, ayniqsa biz yoshlarga turli sohalarda faol tadbirkor bo`lishimiz uchun imtiyozli kreditlar berilmoqda. Bu imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda, to`g`ri yo`lni tanlab oilamiz farovonligiga, shu orqali jamiyatimiz va yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo`shmog`imiz lozim.

Toshkent temir yo`l muhandislari instituti, Qurilish fakulteti, 2-kurs, IF-50 guruh talabasi.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi