“Odam savdosi-mudhish jinoyatdir”

O‘z kindik qoni to‘kilgan, ota-bobolari xoki yotgan Ona yurtni dunyoda tengsiz, muqaddas  vatan deb biladigan odamning maqsad – muddaolari aniq, g’urur va iftixori yuksak bo‘ladi. Zero, bu yurt, bu vatan biz va bizdan keyingi avlodlarga ham qolmog’i va xizmat qilmog’i lozim. Bizning ota-bobolarimiz O‘zbekistonni yorug’likka, yuksaklikka olib chiqishdi. Bugun O‘zbekiston, o‘zbeklar degan nomni butun dunyo tanidi, tan oldi. Ular o‘zlarining asrlarga teng va tatigulik ezgu, hur va purma’no, dono fikrlarini biz avlodlarga dasturamal qilib ketdilar.

Vatan ravnaqi avvalo, uning farzandlariga, ularning ma’naviy va jismoniy kamolatiga bog’liq. Bu esa o‘z navbatida har bir yurtdoshimizni qalbida Vatanga yuksak hurmat, e’tibor va muhabbatni uyg’onishiga, uni alanga olishiga sabab bo‘ladi. Negaki, O‘zbekiston bugungi kungacha shu darajagacha yuksalishi uchun, O‘zbekiston bo‘lishi uchun  qanchadan- qancha zalvorli, mashaqqatli, tahlikali yo‘llarni bosib o‘tdi. Bu yo‘lda, hurriyat yo‘lida qanchadan- qancha ota-bobolarimizning qoni to‘kildi. Yurtimiz mustaqilikka osongina erishgani yo‘q. Buning uchun juda ko‘p va katta qurbonliklar berildi. Butun insoniyat tarixi, xalqimizning necha yillik o‘tmishi achchiq saboq va xulosalar asosida bir haqiqatni isbotlab bermoqda.Ya’ni biz barqaror taraqqiyot va farovon hayotga erishish, orzu-intilishlarimizni amalga oshirishning yagona sharti- bu tinchlik va osoyishtalikdir. Shunday ekan, xalqimizning asriy orzusi, ko‘zlagan yuksak maqsadlarimizga yetishning asosiy omili- mustaqilikni asrab- avaylash va uni yanada mustahkamlashimiz lozim. O‘zbekiston kelajagi biz yoshlarning qo‘limizdadir. Unga munosib farzand bo‘lish bizning Yurt oldidagi ham qarz ham farzimizdir. Biz birlashsak, hamfikr bo‘lsak g’animlar qadam bosa olmaydi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug’aniyevich Karimov aytganlaridek: “Agar biz ahil bo‘lsak, el-yurt manfaati yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib yashasak, o‘zimizdan sotqin chiqmasa, o‘zbek xalqini hech kim hech qachon yenga olmaydi”.

Biroq bugun dunyoda mana shu go‘zallikni his qila olmay, o‘zini qabihlik, razolat ummoni hisoblangan diniy ekstremizm, terrorizm, odam savdosi kabi botqoqlikka botirayotgan “insonlar” safi ko‘paymoqda. Kimdaki havas qilsa arziydigan xislatlar bo‘lsa, qobiliyati orqasidan katta yutuqlarga erishayotgan bo‘lsa, bir so‘z bilan aytganda, nimagadir yaroqli bo‘lsa, albatta, unga o‘z ta’sirini o‘tkazib yo‘ldan olib tashlamoqchi bo‘lgan hasadgo‘ylar topiladi. Shu jumladan, bizning yosh, navqiron bo‘lishiga qaramay yuqori darajada rivojlanib borayotgan O‘zbekistonimizga ham ola ko‘z bilan boquvchilar yo‘q emas. Ming afsuslar bo‘lsinki, tuban kimsalar qo‘liga tushib Vataniga xoinlik qilayotgan fuqarolarimiz ham topiladi.Ular asli diniy ekstremizm, odam savdosi nimaligining mohiyatiga tushunmay bunday egri yo‘llarga kirib qolmoqdalar. O‘z do‘stini, yaqinini,qarindoshini o‘zga davlatlarga qul qilib sotayotgan, ularni mana shunday qabih yo‘lda xizmat qilishiga sababchi bo‘layotganlar ming afsus va nadomatlar bo‘lsinki oramizda ko‘plab topiladi.Mahallalarda, ta’lim muassasalarida turli xil tashviqot ishlari olib borish bilan birga, mahallalarning o‘z fuqarolariga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish lozimligi bot-bot takrorlanmoqda. Negaki, har qanday yovuz kuchlar qaysidir makonda “in quradi”.

Bugungi kun bizdan ogohlikni talab qilmoqda. Dunyoda muammolar bor ekan, albatta, ularning yechimi bor. Agar yechimi bo‘lmasa, u holda muammo ham bo‘lmas edi. Bugun tez-tez ko‘zga tashlanib turayotgan Vatanga xoinlik,odam savdosi, millatiga qarshi harakatlarning oldini olish choralari yuragida shu yurtga nisbatan muhabbat hissi bo‘lgan har qanday kishini o‘ylantirmasdan qolmaydi. Bunday muammolarni bartaraf etish uchun, yoshlarni ma’naviy dunyoqarashi va intellektini oshirish juda muhim va zarur deb o‘ylayman nazarimda. Ma’naviy bo‘shliq paydo bo‘ldimi,unga yot g’oyalar o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi.Demak, biz yoshlar birlashsak, tinchlik uchun, har xil odam savdosi kabi illatlarga jam bo‘lib, bir tan-u bir jon bo’lib kurashsak, hech qanday kuch bizni yenga olmaydi,o‘z tazyiqini o‘tkaza olmaydi.

Xulosa qilib aytganda, bizning endigi burchimiz yaxshi o‘qib malakali mutaxassis bo‘lish bilan bir qatorda, atrofimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarga diqqat bilan nazar tashlash, qo‘ni-qo‘shni, do‘st-u birodarlarimizni ham ogohlikka da’vat etishdir. Biz kimlarnidir bu kabi jinoyat ko‘chasiga qadam tashlamaslaridan bu yo‘ldan qaytara olsak, nafaqat insoniy burchimizni, balki davlatimiz rahbarining bizga bildirgan yuksak ishonchlarini ham oqlay olgan bo‘lamiz.

Turayev Nozimjon Nosir o‘g’li

Toshkent temir yo’l muhandislari instituti 1-kurs talabasi

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi