Huquqbuzarlikning oldini olishga barchamiz mas’ulmiz

  1. Huquqbuzarlik – dolzarb muammo.
  2. Huquqbuzarlik o’zi nima?
  3.  Huquqbuzarlikni oldini olish choralari.

Huquqbuzarlik – bu dolzarb muammo hisoblanadi. Chunki huquqbuzarliklar oqibatida turli nizolar, noroziliklar kelib chiqib, jamiyat pa- rokandalikka yuz tutadi, ma’naviyatga salbiy ta’sir ko’rsatadi, fuqarolar haq – huquqlarining buzilishiga, tinchlik – xotirjamlikning yo’qolishiga, iqtisodiy taraqqiyotning inqirozga yuz tutishiga, jamiyat ijtimoiy ahvolining yomonlashuviga, jinoyatchilikning ko’payishiga, ayniqsa, o’smirlar va yoshlarning bilib – bilmay turli xil jinoiy, ekstremistik oqimlarga qo’shilib qolishlariga sabab bo’ladi. Bundan tashqari huquqbuzarliklar odamlarga moddiy va ma’naviy zarar yetkazadi. Agar bu huquqbuzarliklarga qarshi adolatli choralar ko’rilmasa nafaqat birgina jabirlanuvchida, balki butun jamiyat ichida ommaviy noroziliklar kelib chiqadi.

Dono xalqimizda bir gap bor ,,Bir kun urush – janjal bo’lgan uydan qirq kun fayz – baraka yo’qoladi“. Huddi shu kabi biror kishining haq – huquqlari poymol qilinganda unga juda katta ma’naviy zarar yetadi. Uning haqligi isbotlanib, adolat qaror topganda ham baribir uning ko’nglida, qalbining tub – tubida bitmas jarohat, qora dog’ qoladi .

Huquqbuzarlik o’zi nima? Huquqbuzarlik – bu shaxsning qonunlarga rioya etmasligi, konstitutsiyamizda belgilab qo’yilgan burchlari va majburiyatlarini bajarmasligi, namunali fuqaro bo’lmasligi, o’z haq – huquqlarini boshqalarnikidan  ustun bilishligi, qonun bilan belgilangan davlat soliqlari va mahalliy yig’imlarni to’lamasligi va boshqa kishilarning qilayotgan noqonuniy xatti – harakatlarini, ishlarini ko’ra – bila  turib, yashirishi, sir tutishi va hokazo.

Shuningdek, ta’magirlik, sudxo’rlik, poraxo’rlik, firibgarlik va boshqalar omonatlariga xiyonat qilish, qarz olib qaytarmaslik, ishchilarga oylik maoshlarini o’z vaqtida va to’liq bermaslik hamda muallifi boshqa bo’lgan ilmiy ishlarni, asarlarni yoki ixtirolarni, muallif ruxsatisiz o’ziniki deb e’lon qilish ham huquqbuzarlikka misol bo’la oladi.

Bir so’z bilan aytganda huquqbuzarlik bu qonunda belgilangan huquqlarning buzilishidir.

Buyuk bobokalonimiz Jaloliddin Rumiy adolat to’g’risida quyidagi fikrni aytganlar: ,,Dunyoda adolat bo’lsa, qozi birla zobit na darkor“. Ya’ni bu dunyoda huquqbuzarliklarga to’laligicha chek qo’yishni iloji yo’q. Lekin, adolat tarozisini muvozanatda ushlab turish o’z navbatida barchamizga bog’liq. Agar har birimiz vijdonan pok, insofli, iymonli, vatanparvar, xalqparvar, oilaparvar bo’lib, elim deb yurtim deb yonib yashasak, meni fikrimcha huquqbuzarliklar kamaygan bo’lar edi.

Bundan tashqari huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi omil hisoblanmish bekorchilik, loqaydlik kabi illatlarni kamaytirish uchun ishsizlarni ish bilan ta’minlash yoshlarni bo’sh vaqtlarini unumli o’tkazish uchun har xil sport to’garaklarini, ilm – fan to’garaklarini tashkil qilish kerak deb o’ylayman.

Huquqbuzarliklarni oldini olish uchun fuqarolarning huquqiy savodxonligini  oshirish kerak. Chunki aksariyat huquqbuzarliklar qonunlarni, qolaversa o’z haq – huquqlarini bilmaslikdan kelib chiqadi. Huquqiy savodxonlikni oshirish uchun esa huquqshunoslik bo’yicha huquqiy savodxonlik kechalarini o’tkazish, bilimlar bellashuvini tashkil qilish yaxshi samara beradi.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi