Kun nafasi

2017 – yil 19 – sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M. Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72 – sessiyasidagi tarixiy nutqi kun voqeasi bo‘ldi. Ma’lumki, mamlakatimiz va uning mintaqa hamda jahon e’tiboridagi ob’ektga aylanib borayotganligi ya’ni imkoniyat, o‘zgacha muvaffaqiyatlar omili sifatida namoyon bo‘lishi yuqoridagi e’tiborni shakllantirdi.

BMTning yuksak minbarida turib davlatimiz rahbari O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga to‘xtalib, shunday dedi – “Jamiyatimizda siyosiy faollik ortib bormoqda, barcha sohalarda chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Ulardan ko‘zlangan maqsad – “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun”, degan oddiy va aniq – ravshan tamoyilni amalga oshirish ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etishdan iborat”. Darhaqiqat, barcha sohalarda islohotlar jadallik bilan olib borilmoqda. Xususan, inson huquqlari, fuqarolik asoslarini shakllantirish, bozor madaniyati, san’at, madaniyat, ta’lim, sud tizimi kabi bir qator yo‘nalishlardagi amaliy ish faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqilib, xato va kamchiliklar ochib berildi shuningdek, sohalar rivojini ko‘zda tutuvchi yangi maqsadlar belgilandi. Bularga misol tariqasida sud organlarining mustaqilligi ta’minlandi, ta’lim sohasida yangi loyihalar amaliyotga joriy etildi. Islohotlarning tub negizida islohot – islohat uchun emas balki, inson va uning manfaatlariga qaratilganligi e’tirofga loyiq. Davlatimiz rahbari takror va takror ta’kidlaganidek, “xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi” shiorlari o‘z ifodasini topib bormoqda. O‘z – o‘zini ongli boshqarishning optimallashtirilishi bilan uning samarali shakli joriy qilindi.

Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rildi. Hozirgi davrga kelib yurtimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berildi. Shu yilning 4 – oktabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qabul qildi. Qarorda ta’kidlanishicha, “Davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari hamda mansabdor shaxslar bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanishga yo‘l qo‘yganligi uchun shaxsan javobgar ekanliklari haqida qat’iy ogohlantirilsin”, deya qonuniy mezon belgilandi. Bu amaldagi demokratik onglilikni taqozo etib, taraqqiyotga dahldorligi bilan xarakterlanadi.

Nutqda tinch – osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo taqdiri biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir, deb so‘z boshlar ekan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish, Markaziy Osiyoning rivojiga hissa qo‘shish va mintaqada tinchlikni asrashga ko‘maklashish uchun qo‘lidan kelgancha yordam berishga tayyor ekanini ta’kidladi. Bizga ma’lumki, O‘zbekiston 1992 yil “Turkiston – umumiy uyimiz” shiorini ko‘tarib chiqib Markaziy Osiyo teng manfaatli integratsiya munosabatlarini ko‘tarib chiqqanida ham muammoning o‘sha davrga xos shakli nazarda tutilgan edi.

Dunyoda eng dolzarb muammolardan biri suv muammosi ekani hech kimga sir emas. Hozirgi kunga kelib sayyoramizda suv zahiralaridan oqilona foydalanish eng asosiy vazifadir. Prezidentimiz bu masalaga to‘xtalar ekan, quyidagi fikrni olg‘a surdi. “Ishonchim komil, suv muammosini hal qilishning mintaqa mamlakatlari va xalqlari manfaatlarini teng hisobga olishdan boshqa oqilona yo‘li yo‘q”. Bugungi kunning eng o‘tkir ekologik muammolaridan biri – Orol fojiyasi nafaqat O‘zbekiston balki, qo‘shni davlatlarning ham muammosi bo‘lib turibdi. Bu holat dengizning qo‘rishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi sa’y – harakatlarni faol birlashtirishni taqozo etmoqda. Bu muammoni adolatli yo‘l bilan hal qilish kerak deb o‘ylayman; degan fikrda Sh. Mirziyoyev kun muommosining nafaqat Respublika yoki mintaqa balki, umumbasharning muammosi, birgalikdagi fojiasi ekanligini uqtiryapti. Shuningdek yechimi hamkorlikda ekanligini ta’kidladi.

“Aminmizki, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li – markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan – to‘g‘ri muloqot olib borishdir”. O‘zbekiston Afg‘onistonning tinchligiga, iqtisodiy tiklanishiga, uning transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga, milliy kadrlarini tayyorlashga katta hissa qo‘shmoqda. Jarayonni bundan keyin ham jadal rivojlanish masalasi notiq tomonidan aniq misollar va istiqbol yo‘nalishdagi shartnomalarda kuzatiladi.

Yurtimizda yoshlar siyosati eng muhim siyosatga aylanib bormoqda. Yoshlarga bo‘lgan yuqori darajadagi e’tibor biz yoshlarni yuqori marralar sari yetaklamoqda. “Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g’oyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir”. Yurtimizda yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilgan. Yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab – quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida ko‘plab islohotlar olib borilmoqda. Zero sayyoramizning ertangi kuni, tinchligi va osoyishtaligi yoshlarning qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan Prezidentimiz yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi.

BMT minbaridan turib Shavkat Mirziyoyev shunday dedi. –“Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamligining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz”. Haqiqatan, bugungi murakkab va tahlikali zamonda ko‘plab turli voqealar sodir bo‘lmoqda. Bu voqealar muqaddas dinimiz nomidan soxta shiorlar to‘qib, buning ketidan qancha qon to‘kilishiga sabab bo‘lmoqda. Yosh-u keksalar, ayollar, bolalar ko‘p jabr chekmoqda. Yana bir afsuslanarli jihati shuki, dinga umuman aloqasi bo‘lmagan kishilar bir jinoyatni qilsalar, darrov muqaddas dinimizning nomi bilan bog‘layaptilar. Bu bizni juda tashvishga soladi, albatta. Ular islom dinimizni, shunday ezgulik va ma’rifatga bag‘ishlangan dinni yomon ko‘rsatishga harakat qilmoqda.

Mana shunday bir sharoitda muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak minbardan turib, islom dinining asl mohiyati – insonparvarlik va tinchlik ekanligi, uni qoralovchilar bilan hech qachon murosa qilolmasligini baralla aytish mustahkam e’tiqod va katta shijoatning bir ko‘rinishidir. Shunday yuksak minbardan bunday so‘zlarning aytilishi diyorimizdagi barcha mo‘min – musulmonlarni nihoyatda xursand qildi. Ayniqsa, musulmon olamida O‘zbekistonning do‘stlari yanada ko‘paydi. Prezidentimiz o‘z nutqi bilan o‘zbekistonliklarning yana bir marta Imom Buxoriy avlodlari bo‘lishlik sharafli maqomga munosib ekanliklarini ochiq – oydin isbotlab berdilar.

 

Ilmiy rahbar: Sh.Yusupov –    ijtimoiy –gumanitar fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi

TTE va TL fakulteti talabasi                                       A.Xudoyberdiev

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi