Eshitdingizmi, Doston g’olib bo’ldi?!

Xabaringiz bor, joriy yilning 5 – iyun – Jahon atrof – muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bayram tadbiri o‘tkazilgan edi. Bayram tadbirida tanlovlar ham o’tkazilgan va “Global iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha eng yaxshi g‘oya” tanlovida institutimiz talabasi Doston Saidov ilmiy rahbari t.f.d.,dotsent Dilnoza Jumayeva bilan birgalikda tayyorlagan “Global iqlim o’zgarishida chiqindilar ta’siri” nomli videoroligi bilan qatnashib “Eng yaxshi video rolik” nominatsiyasida faxrli 1 – o’rinni egalladi.

Tashishni tashkil etish va transport logistikasi fakulteti 2-bosqich  TF-305 – guruh talabasi Musaxo’ja Baxtiyorov iqtidorli talaba bilan suhbat o’tkazdi:

  • Assalomu aleykum. Birinchilikni qo’lga kiritishda sizga kimlar yordam berdi? Ustozlaringiz haqida ma’lumot bersangiz..
  • Assalomu aleykum. Yutuqni qo’lga kiritishimda ustozim texnika fanlari nomzodi, dotsent Dilnoza opa Jumayeva yaqindan yordam berdilar. U kishi menga O’zbekiston Ekologik harakatida shunday videoroliklar tanlovi bo’lib o’tayotganini aytdilar. Keyin biz birgalikda videorolikni olish uchun ssenariyni tuzib chiqdik. Videorolikni olishda mening jamoam ham juda katta yordam berdi. “Yoshlar media klubi” talabalari men bilan birgalikda shu videorolikni tasvirga olishda amaliy yordamini beminnat ko’rsatdi. Biz bu videoni olishda bir butun jamoa bo’lib yondashganmiz. Xullas, tasvirga olish jarayoni tugaganidan so’ng rolikni montaj qilganman. Va O‘zbekiston ekologik harakati tomonidan tuzilgan ishchi guruhga topshirdim.
  • Sertifikatni olayotganingizda nimalarni his qildingiz yoki hayolingizdan nimalar o’tdi?
  • 1-o’rinni olishimni kutmagan edim. Bu men uchun ajoyib sovg’a bo’ldi. Diplomni Germaniya davlatidan kelgan ekspert qo’lidan oldim. Bu tanlov orqali men mehnatni tagi rohat ekanligiga yana bir bor iqror bo’ldim. Men va jamoamning ishiga qilingan bunday e’tirofdan barchamiz shodlandik, hamma xursand bo’ldi.
  • Darslar bilan birgalikda videorolikni tayyorlash qiyinchilik tug’dirmadimi?
  • Inson o’z sevimli ishi bilan shug’ullansa, bu ortiqcha ish hisoblanmaydi.
  • Badiy kitoblardan qaysilarini o’qigansiz?
  • Bilasizmi, men badiiy adabiyotga qiziqaman. Bo’sh vaqtimda kitob o’qiyman. Bu mening sevimli mashg’ulotim. Men o’qigan eng sevimli asarlardan biri bu Pirimqul Qodirovning “Bobur”, “Yulduzli tunlar” romanidir. Bu asarda buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi haqida hikoya qilinadi.
  • Qaysi sport turlari bilan shug’ullanasiz?
  • Muntazam shug’ullanadigan sport turim yo’q . Afsuski ulgurmay qolaman. Ba’zida do’stlarim bilan birga voleybol o’ynab turamiz.
  • Darsdan bo’sh vaqtingizda nima qilasiz?
  • Chet tillarini o’rganaman.
  • Kelajakdagi orzularingiz?
  • Vatanimga munosib farzand bo’lish.

Tengdoshimiz erishgan yutug’ini eshitib barchamizda unga nisbatan havas uyg’ondi. Bu – boshqa tengdoshlarimizni ham o’z ustida ko’proq ishlashga, yangi bilimlarni egallashga undasa ajabmas. Dostonni keyingi o’qish va ishlarida zafarlar tilaymiz va yangidan-yangi yutuq hamda birinchiliklarni kutib qolamiz.

manaviyat.tashiit.uz sayti uchun Musaxo’ja tomonidan maxsus tayyorlandi

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi