Aziz va yagonamsan, jonajon O’zbekistonim!

Institut asosiy binosi oldida “Aziz va yagonamsan, jonajon O’zbekistonim!” shiori ostidagi O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayrami va “Bilimlar kuni”ga bag’ishlangan bayram tadbiri bo’lib o’tdi. Unda “O’zbekiston temir yo’llari” AJ Personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshlig’i N.S.Erkinov, O’zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo’mitasi, tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal – Demokratik partiyasi a’zosi H. K. Rasulov hamda Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo’mitasi, O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a’zosi N.I.Muxtorov, shuningdek, institut rektori M.X.Rasulov, prorektorlar, dekan va dekan o’rinbosarlari, ishchi-xodimlar, talabalar, ularning ota-onalari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Tantanali bayramni ochib berish uchun so’z navbati institut rektori M.Rasulovga berildi. M.Rasulov institut jamoasini, talabalarni, shuningdek birinchi bosqich talabalarini bayram bilan qutladi va quyidagilarni keltirdi: “Ushbu o’quv yili qabulida kirish imtihonlarning maksimal darajada shaffofligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Qabul kvotalari o’tgan o’quv yiliga nisbatan oshirildi. Iqtisodiyot tarmoqlari talabidan kelib chiqib, yangi ta’lim yo’nalishlari, sirtqi va maxsus sirtqi ta’lim shakllari ochildi.

 

Yangi o’quv yiliga tayyorgarlik ko’rishda institutimizda e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Jumladan, institut o’quv binosining bir qismi rekonstruksiya qilinib, eng zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlanishi belgilab qo’yildi. Institut hududidagi sport inshootlari ham zamonaviy ko’rinishga keltirildi. O’quv va ilmiy laboratoriyalar bazasi takomillashtirildi, yangi innovatsion uskunalar, ilg’or jahon tajribasi asosida yaratilgan uslubiy ishlanmalar talabalar bilimini mustahkamlashga xizmat qiladi”.

Shundan so’ng, O’zbekiston Respublikasi madhiyasi yangradi.

Tantana bilan mehmonlarni va institute jamoasini tabriklash uchun so’z “O’zbekiston temir yo’llari” AJ Personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshlig’i N.S.Erkinovga berildi.

— “O’zbekiston temir yo’llari” AJ rahbariyati institutning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, professor-o’qituvchilar malakasini oshirish, xorijdagi yetakchi ta’lim markazlari bilan ilmiy-pedagogik hamkorlikni kuchaytirish, o’quv-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim va axborot texnologiyalarini, yangi o’quv metodikalarini joriy etish bo’yicha ishlarda institutni qo’llab-quvvatlashga, moddiy va ma’nan ko’mak berishga har doim tayyor, — deydi Navro’z Erkinov. — Sizlarni bilimlar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Bugun qutlug’ ilm dargohiga ilk qadam qo’yayotgan talabaning, shonli kasb egalarining haqiqiy vorisi bo’lishiga intilmog’i mustahkam bilim olmog’i uchun “O’zbekiston temir yo’llari” AJga qarashli Toshkent temir yo’l muhandislari institutida barcha imkoniyatlari yaratilgan.

Institut talabalari “Tashishni tashkil etish va transport logistikasi”, “Elektromexanika”, “Qurilish” va “Iqtisodiyot” fakultetlari hamda magistratura va sirtqi bo’limlarida tahsil olmoqdalar. Bitiruvchilar orasida “O’zbekiston fanlar akademiyasi”ning 2 nafar akademigi, yuzga yaqin fan doktorlari va professorlar, yuzlab fan nomzodlari, dotsentlari yetishib chiqdi, shu bilan birgalikda institut tomonidan iqtidorli ijodkor talabalar har doim qo’llab-quvvatlanadi.

Tadbir davomida O’zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo’mitasi, tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal – Demokratik partiyasi a’zosi H. K. Rasulov ham so’zga chiqib O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayrami va “Bilimlar kuni” bilan barchani qutladi. Mustaqillik, yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ta’lim sohasidagi o’zgarishlar, yutuqlar xususida to’xtaldi, bayram bilan barchani qutladi.

Shuningdek, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o’tib o’tib talaba bo’lish baxtiga muyassar bo’lgan Tashishni tashkil etish va transoport logistikasi fakulteti talabasi Sadriddin Suyarov ham so’zga chiqib, barcha birinchi bosqich talabalari nomidan bayram bilan qutladi.

Shuningdek, tadbir davomida Vatanni madh etuvchi kuy-qo’shiqlar va she’rlar aytildi.

Shundan so’ng, tadbirning birinchi qismi yakunlanib, barcha birinchi bosqich talabalari institut faollar zaliga taklif qilinib “Mustaqillik darslari” boshlandi.

Darslarda malakali professor-o’qituvchilar tomonidan “Xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash – davlat e’tiborida”, “Qaror shiori – sadoqat izhori”, “Inson qadr-qimmati ulug’langan yurt”, “Vatanimizning mustaqil taraqqiyot yo’li”, “Azaliy orzularning amaliy ifodasi”, “Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish yo’lida”, “Davlat dasturi – bunyodkor dasturilamal”, “Jonajon Vatanda yashash – azizlikdan nishondir!”, “O’zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati sifat va samara bosqichida”, “Istiqlol targ’iboti – tadbirkorlik, innovatsion tafakkur madhi”, “Chuqur o’ylangan ochiq siyosat mevalari”, “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda din omilidan foydalanish”, “Vatanparvarlik – yuksak fazilat” hamda “Yoshlarimizning mafkuraviy immuniteti mustahkam bo’lsin” mavzularida ma’ruzalar o’qib berildi.

Bunyod Jumaniyozov

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi