Korrupsiya – milliy xavfsizlikka tahdid

Toshkent temir yo‘l muhadislari institutida “Korrupsiya – milliy xavfsizlikka tahdid” mavzuida profilaktik tadbir o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurorining murojaat ishlari bo‘yicha yordamchisi – Alisher Majidov, Toshkent Markaziy vokzalida jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik – Farrux Amriyev, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi xodimlari Ulug‘bek Samandarov, Ulug‘bek Abdullaev, Zafar Kabulov, institut professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida korrupsiyaning zararli illat ekanligi, uni sodir etganlarga jazo muqarrarligini aks ettirgan “Kelajagingni barbod etma”, “Yo‘lingda adashma” nomli videoroliklar namoyish etildi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurorining murojaat ishlari bo‘yicha yordamchisi Alisher Majidov so‘zga chiqdi. Mutaxassis so‘zi navbatida, korrupsiya – bu jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan daxshatli illat ekanligini, u demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazishini, inson huquqlari buzilishiga olib kelishini, odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, sharoit yaratishini, mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk davrdayoq korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga umumdavlat miqyosidagi vazifa sifatida qaralgani va uning oldini olish, davlat apparatini korrupsionerlardan tozalash bo‘yicha izchil va muntazam ishlar olib borilganligi haqida so‘z yuritdi.

Toshkent Markaziy vokzalida jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik- Farrux Amriyev ham so‘zga chiqib O‘zbekiston Respublikasining ko‘pgina huquqni muhofaza etuvchi organlari tarkibida korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi alohida tuzilma va bo‘limlar shakllantirilganini, shuningdek, 2016 – yil 24 – noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi o‘sha paytda mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan kiritilgan «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunni birinchi o‘qishdayoq qabul qilgani, korrupsiyaga qarshi kurash sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini, shuningdek, unga qarshi kurashda aniqlangan jinoyatlarni keltirib o‘tdi.

Prorektor Dilshod Baratov tadbirni yakunlar ekan, yoshlarni bu kabi g‘ayri insoniy yo‘lga kirib ketishlarining oldini olish, uning oqibatida yuzaga kelayotgan ayanchli oqibatlar haqida talaba-yoshlar o‘rtasida mana shunday yig‘ilishlar va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish turli jinoyatchilikning oldini olishga katta yordam berishi shubhasiz ekanligi ta’kidladi.

Uchrashuv mustaqil fikrlaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlarga ega bo‘lgan, milliy mentalitetimizga yot zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalashda alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

Uchrashuv so‘ngida barcha fakultet va akademik guruhlarda doimiy ravishda ishchi xodimlar va talaba – yoshlar o‘rtasida “Korrupsiya – milliy xavfsizlikka tahdid” mavzuida davra suhbatlari o‘tkazilishi, bu kabi tadbirlar “Murabbiylik” va “Axborot soatlari”da muntazam talabalarga yetkazib borilishi kelishib olindi.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi