Munosiblar taqdirlandi

Xabar berganimizdek, “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan ko‘z nuri, qalb qo‘ri va butun borlig‘ini ma’rifat yo‘liga baxshida qilgan mehridaryo ustozlarni ardoqlash, ularga yuksak ehtirom ko‘rsatish maqsadida “TTYMI e’tirofi – 2018” tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi nihoyasiga yetdi.

Unda faxriy ustozlar, institut jamoasi, iqtidorli talabalar, ilmiy izlanuvchilar va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi vakillari ishtirok etdi.

Ustoz va murabbiylarni qutlash uchun so’zga chiqqanlar yig‘ilish ishtirokchilarini tabrikladilar, institut jamoasi oldida turgan maqsad va egallanayotgan marralarda jamoaning ahilligi, birdamligi va faolligining ahamiyati alohida ta’kidlandi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi rahbariyati tabrigini “Personallarni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi” boshlig‘i Navro‘z Erkinov o‘qib eshittirdi, bir guruh o‘qituvchilarga institut rektorining tashakkurnomalarini topshirdi.

 

Bundan tashqari institut Kasaba uyushma qo’mitasi BT raisi Ilyos Xolboyev ham uyushma tomonidan tavsiya etilgan professor-o‘qituvchilarga esdalik va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.

Tantanali yig’ilishning ikkinchi qismida institut rahbariyati tashabbusi bilan ilk marotaba tashkil etilgan “TTYMI e’tirofi – 2018” tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi.

Eslatib o’tamiz, tanlov “Eng yaxshi faxriy o‘qituvchi”, “Eng yaxshi kafedra mudiri”, “Eng yaxshi fan o‘qituvchisi” va “Eng yaxshi guruh murabbiyi” yo‘nalishlarida aniqlandi.

“Eng yaxshi faxriy o‘qituvchi”da 1 – o‘ringa “Temir yo‘llar elektr ta’minoti” kafedrasi professori Mirjalil Yakubov, 2 – “Tillar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Mukambar Toshpo‘latova, 3 – “Informatika va kompyuter grafikasi” kafedrasi professori Xolmatboy Shodimetov va “Temir yo‘l transportida avtomatika va telemexanika” kafedrasi professori Abdulxaq Xoliqovlar munosib ko‘rildi.

 

“Eng yaxshi kafedra mudiri”da 2 – o‘rinni “Buxgalteriya hisobi va audit” kafedrasi mudiri Ayjan Jumanova, 3 – “Oliy matematika” kafedrasi mudiri Dilfuza Eshmamatova va “Transport logistikasi va servis” kafedrasi mudiri Jamshid Qobulovlar qo‘lga kiritdilar. Oliy o’ringa esa “Lokomotivlar va lokomotiv xo‘jaligi” kafedrasi mudiri Ikrom Kamalov loyiq topildi.

Eng tashabbuskor, mahoratli, fidoyi pedagoglarni aniqlash, tajribasini ommalashtirish, ta’lim jarayoniga tatbiq etish maqsadida “Eng yaxshi fan o‘qituvchisi” nominatsiyasidagi g‘oliblar quyidagicha: 1 -–“Temir yo‘ldan foydalanish ishlarini boshqarish” kafedrasi dotsenti Shinpo‘lat Suyunboyev, 2 – “Tillar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Guldora Mustayeva hamda 3 – o‘rin bilan “Temir yo‘l qurilishi, yo‘l va yo‘l xo‘jaligi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Zoytjon Qahhorov va “Temir yo‘llari elektr ta’minoti” kafedrasi dotsenti Kamol Turdibekovlar taqdirlandi.

Milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimizni asrab-avaylash, yosh avlod qalbi va ongiga Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini chuqur singdirib kelayotgan institut guruh murabbiylari orasidan “Eng yaxshi guruh murabbiyi” unvoniga “Transport logistikasi va servis” kafedra dotsenti Kamoljon Jo‘raboyev, “Oliy matematika” kafedrasi assistenti Baxtiyor Xolxo‘jayev, “Buxgalteriya hisobi va audit” kafedrasi katta o‘qituvchisi Nilufar Boboxonova va “Fizika” kafedrasi assistenti Shavkat Sayidjonovlar munosib ko‘rildi.

Tanatanali yig‘ilish so‘ngida iste’dodli talabalar ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi