Tadqiqot, ta’lim va madaniyat aloqalari mustahkamlanmoqda

Sharqiy Xitoyning Jiaotong universiteti prorektori Fan Yong rahbarligidagi delegatsiya o’zaro manfaatlarni ifodalovchi tadqiqot, ta’lim va madaniyat aloqalarini mustahkamlash va kengaytirish maqsadida oliy ilm dargohimizga tashrif buyurdi.

Delegatsiya zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan o’quv auditoriyalari, ilmiy laboratoriyalar, institut muzeyi, talabalar turar joylari bilan tanishdi.

Shuningdek, delegatsiya tarkibidagi malakali professor – o’qituvchilar tomonidan ilmiy kengashlar zalida mahorat darslari ham tashkil etildi.

Kunning ikkinchi yarmida ikkita ta’lim muassasasi o’rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

  • Ta’lim dargohlarimiz o’rtasidagi hamkorlik ko’plab yo’nalishlarni qamrab oladi, — deydi Jiaotong universiteti prorektori, professor Fan Yong. — Ushbu memorandum talaba va o’qituvchilarning malakasini oshirishga qaratilgan bo’lib, kelgusida ushbu yo’nalishni yanada rivojlantiramiz. Har yili o’rtacha 60 nafar talaba almashishni ham rejalashtirganmiz.

Ta’kidlash kerak, memorandumga asosan hamkorlik o’zaro manfaatli sohalarda o’qitish va tadqiqotlar bilan bog’liq axborot almashishda hamkorlik qilish, talabalar va aspirantlar o’rtasida muloqotni faol rivojlantirish, kurslar, almashuvlar va boshqa dasturlarni tayyorlashda ishtirok etish, birgalikda tadqiqotlar o’tkazish va o’qituvchilarni muloqot, hamkorlik orqali o’qitish va o’qitish darajasini oshirish uchun o’qituvchilar o’rtasida axborot almashinuvini amalga oshirish, xalqaro akademik konferensiyalarda va seminarlarda ishtirok etish kabi yo’nalishlarda amalga oshiriladi.

  • Jiaotong universitetida tayyorlanayotgan 60 ta ta’lim yo’nalishining aksariyati temir yo’l tizimiga yo’naltirilgani bizni ayniqsa, qiziqtirdi, — deydi TTYMI rektori Ma’rufjon Rasulov. — Shu sababli kelgusida professor o’qituvchilar va talabalarning almashinuvini yo’lga qo’yamiz. O’ylaymanki, hamkorligimiz natijasini yaqin yillarda ko’ramiz.

Memorandum imzolash marosimidan so’ng mehmonlar talabalar shaharchasida o’tkazilayotgan “Mehrjon” bayramida ham ishtirok etdilar.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi