Ijodiy uchrashuv kitob o’qishga undadi

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda “Kitob – ilm xazinasi” mavzuida uchrashuv tashkil etildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ’ibot qilish bo’yicha komissiya tuzish to’g’risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash, yoshlarning intellektual salohiyati va ma’naviy saviyasini yuksaltirish, kitob o‘qishga da’vat etish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish orqali ularning turli xil zararli oqimlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish, talaba – yoshlarning o‘z aql-zakovatlarini namoyon etishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda shoira Farida Afruz, “Sabo” gazetasi bosh muharriri Nilufar Mirzayeva hamda “Janob” jurnali bosh muharriri Talant Bek ishtirok etdi.

Tadbirni “Iqtisodiyot” fakulteti dekan muovini Arslon Jalilov ochib berdi. Tadbir mavzui, maqsadi va mehmoni bilan tanishtirgach so’z navbatini shoira Farida Afruzga berdi. Shoira ijod jarayoni, Vatan, ona, kitob, kitob o’qishning foydalari haqida gapirib berdi, ijod namunalaridan o’qib eshittirdi:

Omadim o’zingsan, o’zingsan panoh,
Ne ajab, boshimda toju goh kuloh,
Labda goh tabassum, goh bo’g’izda oh,
Tomirim titratgan titroqsan, Vatan!

Ehtimol, qo’l yupqa, ust-bosh yupunroq,
Birimiz osmonmiz, birimiz tufroq,
Birimiz muttaham, ko’rnamak, olchoq,
Barchaning boshida panohsan, Vatan!

Tadbirning ikkinchi qismida talabalar ijodkorlarga o’zini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdilar.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi