Milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usi yanada jo’sh urdi

Asrlar davomida ulug‘ shoir va olimlar, mohir bastakorlar, hofiz va sozandalarning mashaqqatli mehnati va fidoyiligi, ijodiy tafakkuri bilan sayqal topib kelayotgan ushbu noyob san’at nafaqat yurtimiz va sharq mamlakatlarida, balki dunyo miqyosida katta shuhrat va e’tibor qozongan. Maqom san’atining gultoji bo‘lgan “Shashmaqom” YuNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e’tirof etilgani hamda uning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Xalqimiz, xususan, yosh avlodni maqom san’ati bilan keng tanishtirish orqali ularda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usi yuksak badiiy – estetik did va tafakkurni kamol toptirish maqsadida Toshkent temir yo’l muhandislari O’zbekiston davlat konservatoriyasi bilan hamkorlik aloqalarini o’rnatgan.

Institut faollar zalida mazkur ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda badiiy kecha tashkil etildi.

 

Tadbir O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 – yil 17 – noyabrdagi “O’zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora – tadbirlari to’g’risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda o’zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun munosаbati bilan tashkil etildi.

Tadbir avvalida Toshkent temir yo’l muhandislari instituti yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektori Dilshod Baratov hamda O’zbekiston davlat konservatoriyasi “An’anaviy cholg’u ijrochiligi” kafedrasi mudiri Rifatilla Qosimovlar so’zga chiqdi.

Shundan so’ng O’zbekiston davlat konservatoriyasi talabalari jumladan, Gulshoda Allaberganova ijrosida “Aylagach”, Navro’zbek Sharafov ijrosida “Nasri Uzzol”, Ulug’bek Elmurodzoda “Savti Ushshoq”, Avazbek Homidov tomonidan “Qoshingiz qarosimu” hamda “An’anaviy cholg’u ijrochiligi” kafedrasi talabalari ijrosidagi o’zbek xalq musiqalari “Bek sulton 1-2”, “Saraxbori navo”ni jonli ijro etishdi.

Tadbir so’ngida uchrashuvni o’tkazishda yaqindan yordam bergani uchun hamda sog’lom va barkamol avlodni tarbiyalashda, ularning kuchli, bilimli bo’lib voyaga yetishlari, munosib tarbiya olishlari, milliy maqom san’atini yanada rivojlantirishda qo’shayotgan hissalari uchun O’zbekiston davlat konservatoriyasining professor – o’qituvchilari hamda talabalariga “Tashakkurnoma”lar berildi.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi