Ajdodlarimiz merosiga, milliylikka qaytishimiz zarur

“Ekstremizm girdobiga tushib qolgan insonlar, hududlarni, ularning ayanchli taqdirini o’z ko’zim bilan ko’rganman. Bu yerlarda yashaydigan insonlar qalbida, ko’zida faqatgina bitta narsani ko’rish mumkin: tinchlikka intilish, yaratgandan tinchlikni so’rash, tinchlik, tinchlik va yana tinchlik….”.

Yuqoridagi fikrlarni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi Irgash Daminov talabalar bilan o’tkazilgan davra suhbatida keltirdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda turli dolzarb mavzularda tadbirlar doimiy o’tkazib kelmoqda. Navbatdagi tadbir ekstremizm, ko’rinishlari, uning oqibatlari hamda ekstremizmga qarshi kurashga bag’ishlandi. Yuqorida keltirganimizdek, davra suhbati mehmoni markazning mas’ul xodimi Irgash Daminov bo’ldi.

Davra suhbatini institut “Ma’naviyat va ma’rifat” va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo’limi boshlig’i Farrux Azimov ochib berdi. Tadbir mavzui, maqsadi va mehmoni bilan tanishtirgach, so’z navbatini mutaxassisga berdi.

Mutaxassis o’z davrining islomiy ilmlari borasida eng yetuk bilim sohibi hisoblanib, musulmon dunyosi olimlari tomonidan tan olingan, hozirda ham turli diniy asarlarda ehtirom bilan tilga olinadigan Imom Abu Mansur al-Moturidiy, Abul Muin Nasafiylar xususida so’z yuritib, o’z yurtida, Vatanda qolib, unga xizmat qilgani, ba’zi vayronkor g’oyalarni qalbiga jo qilgan insonlar singari o’z yurtini tashlab ketib xorijda turli ekstremistik guruhlarga qo’shilib insonlarga ozor bermaganini ta’kidladi. Shuningdek, chetdan kinolar orqali kirib kelayotgan milliy madaniyatimizga yot odatlar, muqaddas dinimiz paydo bo’lgunga qadar insonlar, xususan, qizlar taqdiri, jannatiy bo’lish uchun muqaddas dinimizda buyurilgan ishlar, tarbiyaning uch turi mavjud bo’lib, ular urf, diniy va davlat tarbiyalaridan iborat bo’lishi, ularning o’ziga xos va umumiy xususiyatlar, dinning va dunyoviylikning asl mazmunini tushunmaslik oqibatida ekstremizmning kelib chiqishi, ekstremizmning iqtisodiy va mafkuraviy ko’rinishlari xususida batafsil ma’lumotlar berdi.

  • Mafkuraviy ekstremizm orqali qadriyatlarga aylanayotgan salbiy illatlar, urf-odatlar kirib kelmoqda, — deydi Irgash Daminov. — Ko’pchilik yoshlarimiz bu illat va odatlarning asl mohiyatini tushunmay, o’zlari anglamay boshqalarga ham targ’ib etmoqdalar. Buning oldini olish uchun esa ajdodlar merosiga, milliylikka qaytishimiz, milliy qadriyatlar targ’ibotini yanada kuchaytirishimiz, buyuk ajdodlarimiz asarlarini o’qishimiz, uqishimiz kerak.

Tadbir so’ngida talabalar tomonidan berilgan savollarga mutaxassis tomonidan batafsil javoblar berildi.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi