Maktab o’quvchilarining kasb tanlovi borasidagi maqsadi oydinlashdi

Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 29 – mart kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Xalq ta’limi vazirliklarining “Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori imzolangan edi.

Qarorga ko‘ra, Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari oliy ta’lim muassasalariga umumta’lim maktablari faoliyatini takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy va pedagogik mahoratini, o‘quvchilarning ilm-fan va kasb-hunarga qiziqishini oshirish, oliy ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida biriktirildi.

Shu munosabat bilan institutning bir guruh professor-o’qituvchilari Olmazor tumanidagi 185-, 196-,219-, 234-, 243-, 261-, 315 – umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o’qituvchi va o’quvchilar bilan uchrashuvlar o’tkazdi.

Ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish maqsadida institut rektori, prorektorlar, fakultetlar dekanlari, “Ma’naviyat va ma’rifat” va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo’limi boshlig’i, Yoshlar ittifoqi BT yetakchisi, dekan muovinlari hamda iqtidorli talabalar tomonidan maktablarda – “Vatan ostonadan boshlanadi”, “Oliyjanoblik – oliy qadriyat”, “Oila va hayot” hamda “Men sevgan kasb” mavzularida davra suhbatlari o‘tkazildi, sportning ko’plab turlari bo’yicha musobaqalar, “Quvnoq startlar” musobaqalari tashkil etildi.

Institutimizda “Ochiq eshiklar kuni”, ekskursiyalar tashkil etish bilan o‘quvchilarga mavjud ta’lim yo‘nalishlari haqida keng ma’lumotlar berdik, — deydi institut yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektori Dilshod Baratov. —Shuningdek, axborot-resurs markazi, laboratoriya, muzeylar, ma’ruza zallari va dars jarayoni bilan yaqindan tanishtirdik, o‘quv-seminar va treninglar o‘tkazdik. O’ylaymizki, o’quvchilarning kasb tanlovi borasidagi maqsadi oydinlashdi. Keyingi uchrashuvlarimizda o‘quvchilar hamda o‘qituvchilar o‘rtasida tafakkur bahslari tashkil etishni rejalashtirganmiz.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi