Eslatma: isitish tizimlaridan xavfsiz foydalanish

Ma’lumki kuz-qish mavsumida havo haroratini keskin pasayib ketishi bilan xonadonlarni isitish maqsadida turli xildagi yoqilg‘i maxsulotlari, isitish va gaz uskunalaridan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj ortadi.

Bu esa yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalari talablarini buzilishi natijasida xonadonlarda tabiiy gaz va havo aralashmasining chaqnashiga, fuqarolarning is gazlaridan zaxarlanib qolish ehtimolini oshishiga olib kelmoqda.

Afsuski, joylarda olib borilayotgan tushuntirish va targ‘ibot tadbirlariga qaramasdan aholi orasida tabiiy va is gazlaridan zaharlanish, turli xil tan jarohatlari olish bilan bog‘liq noxush holatlar uchramoqda.

Bunday holatlarni oldini olish uchun esa quyidagi oddiy qoidalarga qat’iy amal qilish zarur:

isitish mavsumi boshlanishi oldidan pechlar, qozonxonalar, suv isitish kolonkalarining sozligi, mo‘rikonlarining tozaligini tekshirib chiqing;

nosoz, nostandart, qo‘lbola yasalgan isitish va gaz moslamalaridan foydalanishiga aslo yo‘l qo‘ymang;

bolalar va imkoniyati cheklangan kishilarni nazoratsiz qoldirmang;

tabiiy gazdan foydalanishda turli xildagi rezina shlanglar, turli xil gaz so‘rg‘ichlardan foydalanmang;

chet davlatlarda ishlab chiqarilgan isitish moslamalaridan faqat yo‘riqnoma bilan yaxshilab tanishib chiqqandan keyingina foydalaning.

Agar xonaga tabiiy gazning to‘lib qolganligini sezib qolsangiz:

gaz plitalari va isitish pechlarini gaz tarmog‘idan o‘chiring;

darrov eshik va derazalarni ochib, xonani shamollating;

xonada elektr jihozlarini yoqmang, yoniq bo‘lsa o‘chirmang, chunki bu yong‘in yoki gaz va havo aralashmasining chaqnashiga sabab bo‘lishi mumkin;

agar gaz chiqayotgan joyni o‘zingiz aniqlay olmasangiz, 1004 telefoni orqali shahar va tuman gazlashtirish idoralari, avariya ta’mirlash guruhlariga qo‘ng‘iroq qiling.

Yuqoridagi qoidalariga rioya qilish orqali o‘zingiz va yaqinlaringiz hayotini, mol-mulkingizni noxush holatlardan asrab qolasiz.

Ma’lumki is gazi (SO) rangsiz, hidsiz, korxona sharoitida eng ko‘p uchraydigan zaharli birikma bo‘lib, tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi oqibatida vujudga keladi. Tutun tarkibida 3%, ishlangan gazda 13%, portlovchi gazlar tarkibida esa 50-60% gacha is gazi bo‘ladi.

Is gazidan shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalarni ishlab chiqaradigan korxonalarda, avtoulovlar turar parklarda, yangi bo‘yalgan va shamollatilmagan xonalarda, shuningdek uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda va pechka bilan istiladigan uylar, hammomlarda, dam olish palatkalarida yonuvchi moddaning to‘liq yonmasligi natijasida zaharlanib qolish mumkin.

Is gazi organizmga nafas a’zolari orqali ta’sir etadi. Ushbu gaz gemoglabin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma – karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, og‘ir holatlarda esa – anoksiya va o‘lim holatiga olib kelishi mumkin.

Xona havosidagi is gazining atigi 0,1% konsentratsiyasi inson organizmi uchun o‘lim darajasida xavfli hisoblanadi.

Tabiiy gazning xonada to‘planishi oqibatida portlovchi gaz-havo aralashmasi hosil bo‘lib, ochiq olov yoki uchqundan chaqnashi va portlashi natijasida inson turli tan jarohatlari olishi yoki halok bo‘lishi mumkin.

Aholi orasida is gazidan zaharlanish holatlari, gaz tarmoqlaridagi avariyalar hamda ularning oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar soni so‘nggi vaqtda tez-tez kuzatilmoqda.

Aksariyat hollarda is gazidan zaharlanish va gazdan chaqnashlar tabiiy gaz va muqobil yoqilg‘i turlarida ishlovchi isitish pechlari va boshqa jihozlardan xavfsiz foydalanish qoidalariga rioya qilmaslik, nostandart (qo‘lbola yasalgan) va chet elda ishlab chiqarilgan sertifikatga ega bo‘lmagan isitish uskunalari, gaz so‘rish nasoslaridan foydalanish oqibatida yuzaga kelayotgani aniqlandi.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi