“Yoshlar haftaligi”: munosiblar taqdirlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash, yosh avlodni intellektual salohiyatini oshirish, ularni jamoatchilik ishlariga keng jalb qilish maqsadida institutda “Yoshlar haftaligi” loyihasi amalga oshirildi.

Loyiha ochilish marosimida talabalar uchun konsert dasturi taqdim etildi, institut hayotiga befarq bo’lmagan, har bir tadbirlar va o’zgarishlarda o’z hissasini qo’shib barchaga o’rnak bo’layotgan talabalarga Yoshlar ittifoqi nishoni tantanali topshirildi va kelajakka ishonch bildirildi.

Haftalikning ikkinchi kunida “Quvnoqlar va zukkolar” festivali va Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda uchrashuv tashkil etildi.

Talabalarning sevimli jamoalari – “Quvnoqlar va zukkolar” ko’rik-tanlovida “Noyob bolalar”, “Liderlar”, “Bolalar”, “Yoshlar” talabalar hayotidan qiziq lavhalar bilan chiqish qildilar.

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va “Tong yulduzi” gazetasi muharriri Axtamquli Karim bilan milliy adabiyotimiz rivoji, “Ijod” jamoat fondining tuzilganligi, ulug’ adiblarimiz nomlari bilan atalgan ijod maktablari, kitobxonlik xususida suhbat tashkil qilindi.

Festivalning uchinchi kunida esa sport musobaqalari hamda hayriya konsert dasturi talabalarga taqdim etildi.

Nafaqat bilimga chanqoq, balki jismonan ham chiniqqan talabalar sportning voleybol, armrestring, basketbol, shaxmat-shashka, stol tennisi kabi o’yinlarda faol ishtirok etdi. Voleybol bo’yicha “Express”, “Yosh kuch”, “Lochinlar” jamolari faxrli o’rinlarni egalladilar. “Burgutlar”, “ASUP”, “Mexanika” jamolari esa basketbollda faol ishtirok etishdi.

Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida “Sen bizga keraksan” deb nomlangan “Hayriya konserti” tashkil etildi. Unda shoir va dramaturg Usmon Azim, qo’shiqchi Shuhrat Daryo hamda yoshlarning sevimli guruhi – “Navqiron” ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.

Shuningdek, festival doirasida “Zakovat”, “Zukko kitobxon”, “Eng,Eng,Eng” fotosuratlar, “Talabalik oltin davrim” mavzuida videoroliklar tanlovlari va Markaziy temiryo’lchilar madaniyat saroyi xonandalari ishtirokida konsert dasturlari o’tkazildi.

Institutimiz talabalaridan tashkil topgan 20dan ortiq jamoa “Zakovat” o’yinida ishtirok etib, birinchi o’rinni “Afrosiyob”, ikkinchi o’rinni – “Platinium”, uchinchi o’rinni – “Ziyo” jamoasi qo’lga kiritdi.
“Zukko kitobxon” tanlovi yakuniga ko’ra MIQ-27 guruh talabasi Qayumov Zafar birinchilikni qo’lga kiritdi.
“Eng,Eng,Eng” fotosuratlar tanlovida S.Ibragimov, I.Muhammadov, J.Muhammadjonovlar faxrli o’rinlarni egalladilar.
“Talabalik oltin davrim” mavzuidagi videoroliklar tanlovida esa uchinchi o’rinni S. Temirova, ikkinchi o’rinni M.G’aybullaev, birinchi o’rinni M.R Student egalladi.
G’oliblar yoshlar ittifoqi faxriy yorlig’i va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.
Institut talabalarga nafaqat bilim beradi balki ularni hayotda o’z o’rinlarini topishlariga ham ko’mak beradi. Shu maqsadda institutimizga ruhshunos, Xalq talimi a’lochisi Muharram Mirsaidova talabalar bilan trening, psixologik o’yinlar hamda ochiq muloqot o’tkazdilar.
Festival yakunida o’zining shijoati, faolligi, bilimlari, g’oyalari bilan ishtirok etgan talabalarning mehnati munosib taqdirlandi.
“Quvnoqlar va Zukkolar” ko’rik-tanlovi jamoalari, sportning turli yo’nalishlarida musobaqalashgan terma jamoalar, Zakovat va “Zukko kitobxon” tanlovlari g’oliblari, ushbu tanlovlarni tashkillashtirgan yoshlar ittifoqining har bir a’zosi “Tashakkurnoma”, diplom va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar.

Charosxon Saidova
Elektromexanika fakulteti talabasi

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi