Yil yakuni: faol va fidoiylar e’tirof etildi

Oliy ilm dargohimizning muhtasham faollar zalida “8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni”ga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo’lib o’tdi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev ta’kidlaganlaridek “Mustaqil taraqqiyot yillarida Konstitutsiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda”.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yangradi.

Shundan so’ng O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘raevga so’z berildi va deputat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati xususida so’z yuritdi.

Tadbirning ikkinchi – taqdirlash qismida institut professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida o’tkazilgan “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi” ko‘rik-tanlovi g’oliblari, institutda fidoiylik bilan mehnat qilayotgan bir guruh xodimlar, “O’zbekiston temir yo’llari” aksiyadorlik jamiyati stipendiyasi sohiblari, iqtidorli va faol talabalar o’rtasida o’tkazilgan “Yil talabasi” tanlovi g’oliblari institut rahbariyatining va kasaba uyushma qo’mitasi boshlang’ich tashkilotining qimmatbaho sovg’alari, sertifikat, diplom, faxriy yorliq hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

 

 

 

Taqdirlash marosimida rektor Ma’rufjon Rasulov, institut kasaba uyushma qo’mitasi boshlang’ich tashkiloti raisi Ilyos Xolboyev, professorlar Abdulaziz Ortiqboyev, Sulton Amirov hamda Nazrulla Ibragimovlar so’zga chiqib g’oliblarni qutlab ularga iliq tilaklarini bildirdilar.

  • Mana shunday e’tirof har bir insonni o’z ustida yanada ko’proq ishlashga, yangidan yangi yutuqlarni qo’lga kiritishga undaydi, — deydi “Yil talabasi” tanlovining “Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng bilimdon talabasi” nominatsiyasi g’olibi Baxtinur Sindarov. — Kelajakda orzu – niyatlarim bisyor. Bu yutuqlar esa yetuk temiryo’lchi bo’lishim uchun debocha. O’ylaymanki, men va boshqa g’olib tengdoshlarim buyuk muvaffaqiyatlar sari dadil qadamlar tashlab boramiz hamda O’zbekistonga munosib farzand bo’lamiz!!!

Ta’kidlash kerak, mazkur tanlov jamiyatga va davlatimizga yetuk yosh va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va intellektual salohiyatini oshirish hamda ularga o’z iqtidor va salohiyatini namoyon etishga imkoniyatlar yaratish, talabalarda tashabbuskorlik, vatanparvarlik, fidoyilik fazilatlari va jamoatchilik qobiliyatini qaror toptirish, o’z kasbini sevish, ilm-fanga ishtiyoq va yurt kelajagiga daxldorlik tuyg’ularini yuksaltirish, talabalik nufuzini oshirish maqsadida tashkil etilgan. “Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng bilimdon talabasi”, “Yilning ijodkor talabasi”, “Yilning sportchi talabasi”, “Yilning eng ixtirochi talabasi”, “Yilning eng tashabbuskor talabasi” kabi nominatsiyalarda talabalar taqdirlandi. 1, 2, 3 – o‘rinni egallagan g‘oliblar faxriy yorliq hamda tegishli ravishda, eng kam oylik ish haqining yetti, olti hamda besh barobari miqdoridagi pul mablag‘lari bilan moddiy rag‘batlantirildi.

Tantanaga temiryo‘lchilar madaniyat saroyining “Nihol” va “Sanam” ashula va raqs ansamblarining sanatkorlari ham tashrif buyurdi. O’zining ona, vatan, O’zbekiston, bosh qomusimizni madh etuvchi kuy va qo’shiqlari bilan ishtirokchilar kayfiyatini yanada ko’tardi. Shuningdek, bayramga institut talabalari kuy va qo’shiq, raqslari bilan o’z hissalarini qo’shdilar.

 

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi