O‘zbekistonda 2030-yilgacha temir yo‘l sohasini innovatsion rivojlanish istiqbollari muhokama etildi

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida 29 yanvar 15:00 da  Innovatsion rivojlanish vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti hamkorligida “Temir yo‘l sohasini innovatsion rivojlantirish istiqbollari” mavzusida forsayt usulida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda 2030-yilgacha O‘zbekistonda temir yo‘l sohasini innovatsion rivojlanish istiqbollari muhokama etildi.

Bugungi kunda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida 3 ta o‘quv va 51 ta ilmiy laboratoriya faoliyat yuritayotgani qayd etildi. Ushbu laboratoriyalar bor imkoniyati bilan ishlashi uchun laboratoriya xodimlari xorijdagi yetakchi ilmiy-tekshirish muassasalarida yoki ishlab chiqarish korxonalarining ilmiy laboratoriyalarida stajirovkadan o‘tishlari, laboratoriyaning o‘zi esa akkreditatsiyadan o‘tkazilishi lozimligi aytildi.

Institutning 481 nafar talabasi Rossiyaning yetakchi OTMlarida bakalavr, magistr va doktorlik yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olishga jo‘natilgan bo‘lib, ulardan 248 nafari o‘qishni muvaffaqiyatli bitirib qaytgan. Joriy yilda esa institutning 100 nafar o‘qituvchi va talabalari Germaniyada malaka oshirishga jo‘natilishi rejalashtirilgan.

 

Innovatsion va ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish uchun maxsus jamg‘arma faoliyatini faollashtirish masalasi ham o‘rtaga tashlandi. Respublikadagi yirik tashkilotlar, ilmiy tadqiqot muassasalarining laboratoriya xodimlari uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, shuningdek, zamonaviy talablarga javob beradigan ishchi-xodimlarni (xususan, eng so‘nggi rusumlardagi uskunalar va yangicha uslublarni qo‘llay biladigan chilangarlarni) tayyorlashga ehtiyoj borligiga urg‘u berildi.

Temir yo‘llardagi muammolarning ilmiy-tadqiqot institutlariga tez va to‘liq yetib kelishini ta’minlaydigan tizimni yaratish, bevosita ishlab chiqarishda faoliyat yuritayotgan xodimlarni ilmiy-tekshirish laboratoriyalariga jalb qilish sohaning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. Shuningdek, institut o‘qituvchilari va laboratoriya xodimlarini ishlab chiqarishga grafik asosida borib, tajriba almashishlari ijobiy natijalarga olib keladi. 2018-yilda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti tomonidan yaratilgan 18 ta ilmiy ishlanma ishlab chiqarishga joriy etildi, tadqiqotlarni yanada takomillashtirish orqali esa bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirishga erishilishi kutilmoqda.

Talabalarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab quvvatlash maqsadida Innovatsiya markazi — akseleratorni tashkil etish taklifi berildi. Innovatsiya markazi xalqaro grantlar, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mablag‘lari, mahalliy grantlar va ishlanmalarni tijoratlashtirishdan tushgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilishi mumkinligi bildirildi.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi