SOG‘LOM TURMUSH TARZI TARG‘IB QILINDI

Toshkent temir yo‘l muhandislar institutida joriy yilning 26 fevral 9:00da “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ markaziy poliklinikasi infeksionist shifokorlari hamda Sanitariya epidemiologiya shifokorlari tomonidan talabalarga sog‘lom turmush tarzi, jumladan meningit kasalligi kelib chiqishi, kasallikning oldini olishga bag‘ishlangan profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.

Meningit – miya pardalarining o‘tkir yallig‘lanishi bilan kechadigan yuqumli kasallik. Meningitning og‘ir turlari bolalik davrida ko‘p kuzatiladi. Katta yoshdagilarda meningit kam uchraydi va biroz yengil kechadi. Meningit yuqumli kasallik bo‘lib, u turli viruslar va bakteriyalar sababli rivojlanadi.

Tadbirda kasallikning kelib chiqish omillari borasida batafsil ma`lumot berildi. Bu kasallikning belgilari to‘satdan bolaning tana harorati 40°S gacha oshadi, kuchli bosh og‘rig‘i paydo bo‘ladi, ketma-ket qusadi, boshi orqaga qayrilib yotib qoladi. Biroz vaqt o‘tmay bola xushini yo‘qotib komaga tushishi yoki tutqanoq xurujlari kuzatilishi mumkin. Meningitning ba’zi turlarida tanaga toshmalar toshib ketadi.

Bunday bemorlarga zudlik bilan “Tez yordam” chaqiriladi va bola shifoxonaga olib boriladi. Bemorni uyda qoldirish mutloqo mumkin emas. Bemor yotgan uy dezinfeksiya qilinishi va oila a’zolari vrach tekshiruvidan o‘tib nazoratga olinishi lozim.

 

– Meningit bu yuqorida aytganimizdek hafli kasallik hisoblanadi, – deydi -“O`zbekiston temir yo`llari” AJ markaziy poliklenikasi infeksionist shifokori Charos Otaqulova. – Kasallik aniqlangach tashxisi bilan davolash yuqumli kasalliklar shifoxonasida olib boriladi. Agar bemor o‘z vaqtida shifoxonaga olib borilsa, u 10 kun ichida tuzalib ketadi. Bemor komaga tushgan holatlarda davolash muddati cho‘zilib ketishi va asoratlar qolishi mumkin. Shu yerda men bitta muammoni aytib o‘tmoqchi edim. Ba’zi ota-onalar boladan orqa miyani funksiya qilib miya suyuqligini tekshirishga to‘sqinlik qilishadi. Ushbu muhim tekshiruvga to‘sqinlik qilish aslo mumkin emas. Bu tekshiruvni bolaning ota-onasi ruxsatisiz tibbiy ko‘rsatmalarga binoan vrach bemalol o‘tkazishi lozim. Chunki miya suyuqligini olib tekshirib turish, miyaning ichki bosimi oshib ketishining oldini oladi va bemor komaga tushmaydi. Xatto komada yotgan bemor xushiga keladi, miya ortiqcha yiringli suyuqlikdan ozod bo‘ladi va uning o‘rniga toza miya suyuqligi ishlab chiqariladi.

Tadbirda shifokorlar yoshlarga salqin ob – havoda issiq kiyinib yurishni, har birimiz salomatligimizga etiborli bo`lish zarurligini takidladi.     Tadbir so`ngida talabalar o`zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javob oldi.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi