YOSHLAR ODAM SAVDOSIGA QARSHI

Toshkent temir yo‘l muhadislari institutida joriy yilning 28 fevral soat 11:00da  Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorligida talaba yoshlar o‘rtasida “Odam savdosi – davr muammosi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

          Tadbirda Mirobod tumani bo‘yicha IIO FIB 1-son IIB HPB VE va YOO‘NHPTET katta inspektori, podpolkovnik S.R. Shukurillaeva,  Mirobod tumani bo‘yicha IIO FIB 1-son IIB HPBVE va YOO‘NHPTET katta inspektori, kapitan D.R.Mirzaxanov  “Elektromexanika” fakulteti dekan muovini  M.E. Abduvaxabov, “Ma’naviyat va ma’rifat” va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi xodimlari, Murabbiylar Kengashi a’zolari, Xotin-qizlar qo‘mitasi BT a’zolari, Yoshlar ittifoqi BT a’zolari, Professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Mirobod tumani bo‘yicha IIO FIB 1-son IIB HPB VE va YOO‘NHPTET katta inspektori, kapitan  D.R.Mirzaxanov o‘z so‘zida,  hozirgi kunda dunyoning ayrim mintaqalarida xukm surayotgan qurolli to‘qnashuvlar, urushlar tufayli ko‘plab insonlar jabr chekib, bevaqt vafot etayotgan insonlar va o‘sha muhitda voyaga etayotgan yoshlar hamda ularning ayanchli ahvollari to‘g‘risida gapirar ekan, hozirda yoshlarimiz orasida osonlik bilan pul topish va engil – elpi hayot kechirishni orzu qilib, chet davlatlarga pul ishlagani ketib, odam savdosi qurboniga aylanib ketayotganligini qayd etdi.

Shuningdek, bir necha statistik raqamlarga murojaat qilib, yoshlarni ogohlikka da’vat etdi. Shu bilan birga odam savdosiga qarshi kurash borasidagi qonunchilikka alohida to‘xtaldi. Mustaqillik yillarida xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan, odam savdosining xavfli ko‘rinishlariga qarshi kurash haqida bir qator shartnoma va kelishuvlar imzolangani, odam savdosiga qarshi kurashish, bunday jinoyat qurbonlarini ijtimoiy himoyalash tadbirlari kompleks xarakterga ega ekanligi inobatga olinib, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasi tuzilganligini va hozirgi kunda komissiya tomonidan odam savdosi holatlarining oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yish, uning oqibatlarini minimallashtirish hamda odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishga qaratilgan bir qator tashkiliy va profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelinayotganligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Keyingi so‘z navbati Mirobod tumani bo‘yicha IIO FIB 1-son IIB HPB VE va YOO‘NHPTET katta inspektori, podpolkovnik S.R. Shukurillaevaga berildi. O‘z so‘zida xalqaro terrorizm, narkotraffik va odam savdosi singari transmilliy jinoyatlarning inson xavfsizligiga xuruj qilayotgani bois, ulardan jabr chekayotganlar, afsuski, ko‘pchilikni tashkil etayotganligi, hudud va chegara bilmaydigan bu jinoyatlarning har biri jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘dirayotgani, ular orasida ayniqsa, odam savdosidek og‘ir jinoyat inson hayoti, erkinligi va huquqlarini poymol qilib, uning erki, taqdiri va kelajagini oyoq osti qilishi bilan naqadar jirkanch ko‘rinishga ega ekanligini alohida ta’kidlab o‘tib, uning oldini olish bu barchaning burchi ekanligini ta’kidladi.

Davra suhbati yakunida barchaning diqqatiga “Oydinda oy qidirgan qizlar”  videofilmi namoyish etildi va u bo‘yicha fikrlar almashildi.

Uchrashuv davomida talaba-yoshlar  mutahassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar  bilan murojaat etishdi va ularga batafsil javoblar olishdi.

 

 

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi