YAXSHI MUTAXASSISGA TALAB HAMISHA YUQORI

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 2 iyundagi “2005/2006 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida”gi PQ-92-sonli qaroriga muvofiq Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida joriy yilning 9 aprel kuni institut faollar zalida soat 10-00 da Iqtisodiyot fakulteti talabalari hamda 14-00 da Qurilish fakulteti talabalarini ishga taqsimlash maqsadida ishchi komissiya a’zolari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Oliygohni 2018-2019 o‘quv yilida 20 ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha jami 1013 nafar bakalavr (shu jumladan 296 nafar davlat grantlari asosida), 14 mutaxassislik bo‘yicha jami 80 nafar magistr (shu jumladan 40 nafar davlat granti asosida), hammasi bo‘lib 1093 nafar yosh mutaxassislar tamomlaydi.

Bitiruvchi bakalavr va magistratura talabalarini korxona va tashkilotlar  talab-ehtiyojlari va shartnomalariga muvofiq kamida 3 yil ishlab berish sharti bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari”AJ tasarrufidagi korxona va tizim birliklari rahbarlari bilan hamkorlikda ishga taqsimlandi.

Taqsimot komissiyasi tomonidan olib borilgan taqsimot ishlari yakuniga ko‘ra, institutni 2018-2019 o‘quv yilida bitiruvchilarni dastlabki taqsimoti bo‘yicha bitiruvchi bakalavrlarning 100% (davlat granti asosida taxsil olganlarning 100%, to‘lov-kontrakt asosida taxsil olganlarning 97,0%), magistrlarning esa, 100,0%i (davlat granti asosida taxsil olganlarning 100%, to‘lov-kontrakt asosida taxsil olganlarning 99%) “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi tizim birliklariga yo‘llanma oldi.

— Bugungi kunda yosh kadrlarni ish joylari bilan ta’minlash muhim axamiyatga ega bo‘lgan vazifalardan biri hisoblanadi,— deydi marketing bo‘limi boshlig‘i Maqsud Haydarov. — Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti bitiruvchilari asosan “O‘zbekiston temir yo‘llari”AJ tasarrufidagi korxona va tizim birliklariga ishga taqsimlanadilar. Bundan tashqari turli sanoat korxonalarida ham institut bitiruvchilariga ehtiyoj mavjud bo‘lib, ular jumlasiga “Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati”AJ, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ kiradi.

– Ishning osoni bo‘lmaydi, inson qaysi sohada mehnat qilmasin, ezgu maqsad bilan yashashi, qiyinchiliklarni sabr bilan engishi kerak, – deydi Toshkent temir yo‘l muhandislar institutining  Iqtisodiyot fakulteti bitiruvchisi talaba Sh.A.Normurodov – Shundagina u nafaqat o‘zini tarbiyalaydi, balki el-yurtga nafi tegadi. Men ham mutaxassisligim bo‘yicha “Ko’prik qurilishi tresti” korxonasida amaliyotda bo‘lib, dars jarayonida olgan bilimlarimni amaliyotda qo‘llayman. Bu o‘z mevasini beradi albatta. Bugun barcha qiziqishlarim maqsadga aylandi. Ishim juda murakkab jarayonlardan iborat bo‘lsada, qiziqarli. Amaliyot o‘tagan korxonamga ishga taklif etdi.

Shohimardon singari o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygan va ertangi kuniga ishonchi mustahkam yoshlar – yurtimiz kelajagidir. Yosh mutaxassislarimiz o‘zlarining bilim salohiyati va mehnatsevarligi bilan zamonaviy ishlab chiqarishning barcha talablariga javob bermoqda.

O‘zbekistonda mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlarning yana bir vakilasi ish bilan ta’minlandi va jamiyatda o‘z o‘rnini topdi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Zero, hozirgi kunda mamlakatimizdagi ta’lim dargohlari bitiruvchilariga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan va zamonaviy bilimni chuqur egallagan yosh kadrlar tarbiyalanmoqda.

Har tomonlama sifatli bilim olib, uni amaliyotda mustahkamlayotgan, foydali mehnat bilan shug‘ullanayotgan, oilasiga nafi tegayotgan yoshlar jamiyatda munosib o‘rin egallashi shubhasizdir.

 

 

 

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi