KIBERTERRORIZM NIMA?

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida joriy yilning 23 may kuni 11-00da talaba-yoshlarni xushyorlik va ogohlik, mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlikka shukronalik ruhida tarbiyalashga qaratilgan Kiberterrorizm: milliy va xalqaro xavfsizlikka tahdid” mavzusiga bag‘ishlangan profilaktik tadbir tashkil etildi.

Tadbir boshlanishidan oldin talabalar diqqatiga “Keyingi bekat” nomli vidiofilm namoyish etildi.

Yoshlar  bilan ishlash bo‘yicha institut prorektori D.X. Baratov tadbirni ochar ekan, mustaqillik tufayli xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz uchun ulkan imkoniyatlar paydo bo‘lganligi, ilm olish va hayotda ko‘zlagan orzu- niyatlariga erishish uchun barcha sharoitlar mavjudligini aytib o‘tdi. Bugungi kunda Internetning odamlar hayotidagi ahamiyati qay darajada ekanligini  barcha yaxshi bilishini, lekin ayrimlar undan ish maqsadlarida emas, balki boshqa maqsadlarda ham foydalanayotganligi aytildi.

So‘z navbati O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita mutaxassisi I.I. Ma’rupovga berildi.

Bugungi globallashgan davrda “manfur kimsalar” internet tarmog‘ida o‘zlarining mafkuraviy maydonlarini yaratib, internetda keng qamrovli axboriy terror – “elektron jihod”olib borayotgani, global va mintaqaviy xavfsizlikka nisba­tan yangi tahdidlar, muammolar pay­do qilayotganlari dunyo mamlakat­lari oldida axborot xavfsizligini ta’minlash muammolarini keltirib chiqarmoqda.

Axborotlashuv jarayonining rivojlanishi kompyuter jinoyatchiligi va kompyuter terrorizmi kabi yangi jinoyatlarning paydo bo‘lishiga zamin yaratdi. Yangi va o‘rganilmagan jinoiy soha sifatida insoniyat uchun xavfli hisoblangan kiberterrorizm muammosini hal etish alohida e’tibor talab qiladi. Internet tarmog‘idagi ochiq manbalar orqali biologik, kimyoviy hattoki yadro qurollarini tayyorlash texnologiyalarini o‘rgangan holda amalga oshirilayotgan terrorchilik harakatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar e’tiborini tortmoqda. Saytlarni noqonuniy yo‘llar bilan buzish orqali kiberterrorchilar turli maxfiy ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. – Kiberterrorizm aslida axborot texnologiyalari ichki faoliyatiga noqonuniy aralashish, kompyuterda mavjud dasturlar yoki ma’lumotlarni maqsadli ravishda yo‘q qilish, zarar keltirish, davlat organlarining muhim qismlari faoliyatini izdan chiqarish bilan birga insonlar hayotiga xavf solish, moddiy zarar keltirish yoki ommaviy qo‘rqitish, harbiy nizolar kabi turli zararli oqibatlarni keltirib chiqarishga qaratilgan harakatdir, –  deydi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita  mutaxassisi Ma’rupov Ilxom Islomovich  Kiberterrorizmning shiddat bilan o‘sib borishining yana bir sababi, u qurol-yarog‘ yordamida amalga oshiriladigan terrorchilik harakatidan arzonga tushadi, jangovar harakatlar, portlashlar, xunrezliklar bo‘lmaydi. Buzg‘unchi harakatlar internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda amalga oshiriladi. Shu boisdan ham talaba-yoshlarga faqat maxsus himoyalangan saytlarga hamda uz. domenga kirishlarini gapirib o‘tdi.

Shunday ekan, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, uning mustaqilligi va barqarorligiga munosib hissamizni qo‘shish – har birimizning, shu aziz Vatanda yashayotgan barcha fuqarolarning, davlat yoki jamoat tashkilotida ishlashi, tadbirkor yoki boshqa kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar, eng asosiy vazifalaridan bo‘lib qolmog‘i lozim.

Uchrashuv davomida talaba-yoshlar din ishlari bo‘yicha qo‘mita  mutahassisga o‘zlarini qiziqtirgan savollar  bilan murojaat etishdi va ularga batafsil javoblar berildi.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi