Biz korrupsiyaga qarshimiz

 “Biz korrupsiyaga qarshimiz” Respublika tanlovining institut bosqichida 2-o’rinni egallagan,  Tashishni tashkil etish va transport logistikasi fakulteti, 2-bosqich “Tashishni tashkil etish va transport logistikasi” ta’lim yo‘nalishi  TF-304 guruh talabasi Xayrullayev Jahongir Jasur o‘g‘lining yozgan maqolasi:

 Biz korrupsiyaga qarshimiz

  Bugun eng ko‘p ishlatilayotgan so‘zlarimizdan biri – “korrupsiya”. Ijtimoiy hayotda uning domiga tushib, oyog‘i qoqilayotganlar oz emas. Qadimgi dunyoda ba’zi qabilalarda muayyan mavqega ega bo‘lish uchun uning sardoriga turli sovg‘a-salom berish odatidan korrupsiyaning ildizlari boshlangan ekan. U vaqtlarda bu amal odatiy hol deb qabul qilingani tabiiy. Biroq jamiyat hayotining murakkablashuvi va markazlashuvi korrupsiyaning mamlakat rivojiga katta to‘siq ekanini ko‘rsatdi.Tez-tez eshitib qolayotganimiz: bolalar bog‘chasidan to oliy o‘quv yurtlarigacha, qorovuldan to hokimgacha, ayblanuvchidan to qozigacha bu illat qurboniga aylanib, qancha jazolansa-da, tamagirlikka qarshi qattiq kurashilsa-da, korrupsiyaga to‘la barham berib bo‘lmayapti. Xo‘sh, nega shunday? Sababi oddiy: odamlar uncha-muncha ishni azbaroyi vaqtini behuda sarflamaslik uchun emas, o‘sha yumushi ayrim nopok, tamagirlar tomonidan o‘rnatilgan turli soxta g‘ovlar sabab bitmay qolishidan qo‘rquv tufayli ham pora berish payida bo‘ladi. Shu zaylda ko‘pchilik “beraveradi”, kamchilik “olaveradi”. Albatta, bundaylar safi oshishi va nafsi hakalak otishida sizu biz ham, barchamiz aybdormiz!Bir kishining internetda “Hatto korrupsiyaga qarshi kurashadigan idoralarda ham korrupsiya bor”, deya qoldirgan izohi kishini chuqur o‘ylantirib qo‘yadi. Bu fikrni XVII asrda yashagan Tomas Gobbsning “Korrupsiya -davrlar osha o‘sib kelayotgan ildiz bo‘lib, u har xil orzu-havaslar ortidan birortayam qonunni mensimaslikdir”, degan gapi yanada mustahkamlaydi.Aslida insoniyat tarixida korrupsiyaga qarshi kurash qadimdan boshlangan. Gerodotning xabar berishicha, qadimgi fors davlati – Ahamoniylar saltanatida shoh Kir II ning o‘g‘li Kambis II davrida pora olgan sudyaning tiriklayin terisi shilinib, kursisiga tortib qo‘yilgan va uning o‘g‘li shu vazifaga tayinlanganki, toki sudda ish ko‘rayotgan chog‘ida qaysi kursida o‘tirganini unutmasin. Ruslarda 1556 yilda Ivan Grozniy tomonidan poraxo‘rlik uchun o‘lim jazosi joriy etilgan.Yaponiyada bu masala bola ongiga elementar usullarni singdirishdan boshlangan. Ya’ni, dars mashg‘uloti vaqtida kitobdan ko‘chirayotgan o‘quvchi yonida o‘tirgan do‘sti o‘sha paytning o‘zida o‘qituvchiga xabar bergan. O‘qituvchi aybdorga jazo bali va xabardor qilgan o‘quvchiga esa, rag‘batlantiruvchi ball qo‘ygan.Singapur hozirgi paytda korrupsiyaning yo‘qligi, iqtisodiy erkinlik va taraqqiyot darajasi bo‘yicha dunyo reytinglarida yetakchi o‘rinlarni egallagan. Qat’iy avtoritar davlat nomini olishiga ham u yerda joriy etilgan “Vijdonli bo‘lish va sotilmaslik” tamoyili sabab bo‘lgan. Singapur misoli siyosiy iroda, korrupsiyaga qarshi samarali qonunchilik va sotilmaydigan mustaqil agentlik (Korrupsiya holatlari yuzasidan surishtiruv olib borish byurosi) bir necha yil ichida korrupsiyani juda past darajaga tushirishga qodir ekanini ko‘rsatdi. Bu davlatdagi asosiy islohotlar sudyalarning oyligini keskin oshirishga (1990 yilda 1 million dollar), sudyalik lavozimiga eng yaxshi advokatlar jalb etishga qaratildi. Jinoyat olami guruhlari shafqatsizlik bilan yo‘q qilindi. Mas’uliyatli lavozimlarni egallab turgan davlat xizmatchilarining maoshi xususiy korporatsiyalar top-menejerlariniki darajasigacha oshirildi. Hozirda poraxo‘rlik uchun qo‘llaniladigan Xitoydagi jazo turi boshqa hech bir davlatda bo‘lmasligi tabiiy. Sababi, u yerda bunday jinoyat jiddiy sanalib, jinoyatchiga nisbatan qatl jazosi belgilanadi. Janubiy Koreya Konstitutsiyaviy mahkamasi korrupsiya tufayli bundan oldingi o‘z davlat rahbarini kechirmadi va lavozimidan chetlatdi. Bu davlatda barcha rahbar amaldorlarning faoliyatini ishdan ketgandan keyin ham chuqur taftish qilish amaliyoti keng joriy etilgan.Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro miqyosda olib borilib, BMT tomonidan 9 dekabr – “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni” deb e’lon qilingan. Eng achinarlisi, dunyoning deyarli barcha davlatlari qonunlarida korrupsiyaga qarshi kurashishga doir normalar mavjud bo‘lsa-da, poraxo‘rlik dunyoning istalgan burchagida bor, faqat qayerdadir keskin avj olgan, boshqa yerida esa bir qadar kamroq uchraydi.Tadqiqotlar biror bir illatga barham berishda eng samarali vosita illatning o‘zi emas, balki sababi bilan kurashish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shu ma’noda, mamlakatimizda ham korrupsiyaga qarshi keskin kurashish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.                                                                                                                       

  Xususan, so‘nggi yillarda bu illatga qarshi kurash bo‘yicha aniq maqsadli strategiya belgilandi. Jumladan, 2017 yilda «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi ham jamiyatimizda mazkur illatning payini qirqishda yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur qonun bilan korrupsiya, ya’ni poraxo‘rlik, mansabdan foydalangan holda qonunni suiiste’mol qilish, tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik, iste’dodli kadrlarning o‘sishiga to‘siq bo‘lish, inson huquqlarini buzish, tamagirlik qilish kabi jinoyat holatlariga yo‘l qo‘yganlik uchun qat’iy jazo muqarrarligi aniq-ravshan belgilandi.Ko‘rinib turibdiki, qonun va qonunosti hujjatlarimizda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xorijiy amaliyot normalari ham singdirilib, kuchaytirib borilmoqda. Qabul qilingan qonun hujjatlari o‘zining samarasini bera boshladi ham. Xususan, mamlakatda byudjet ochiqligining ta’minlanishi, O‘zbekiston turli xalqaro reytinglarda (“Xalqaro baxt indeksi”da 47-o‘rin, “Qonuniy tartiblarga itoat qilish indeksi”ga ko‘ra 2-o‘rin va h.k.) ko‘tarilib borayotgani bejiz emas.Shu o‘rinda qonun hujjatlarini hayotga tatbiq etishda yana ayrim jihatlarga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq. Xususan, OAVning shu yo‘nalishdagi faoliyatini yanada rivojlantirish, korrupsiya holatlarini aniqlash, oqibatlarini yoritish borasidagi faoliyatini rag‘batlantirib borish lozim. Aholining turmush farovonligini oshirish va mehnatga munosib haq to‘lashning eng dolzarb masalasi hisoblangan «Iste’mol savatchasi»ni joriy etishni tezlashtirish zarur.Diniy ulamolarimiz masjid va madrasalarda muntazam ravishda korrupsiya va uning salbiy oqibatlari xususida targ‘ibotlar olib borishi, “Korrupsiyadan xoli hudud” mavzusida keng jamoatchilik o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar tashkil etish orqali, tanlovlar o‘tkazish, olimlar, tadqiqotchilar va izlanuvchilarning korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish mexanizmini rivojlantirish, innovatsion yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlash darkor. Aholi tomonidan eng ko‘p murojaat etiladigan jabhalar, xususan, korrupsiya alomatlari mavjud tarmoqlarda kafolatlangan shaffof elektron tizimni joriy qilish ham yaxshi samara beradigan choralardan biri bo‘lishi, shubhasiz.Bir so‘z bilan aytganda, taraqqiyot kushandasi, odamlarni yo‘ldan ozdiruvchi qabohat – korrupsiya atalmish jinoyatga qarshi keskin kurashish, uning yo‘liga qat’iy to‘siq qo‘yish ertangi kunimizning farovonligiga, xalqimizning davlatimizdan rozi bo‘lib yashashida hal qiluvchi rollardan birini o‘ynaydi.

 Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimiz azaldan yuksak qadrlab keladigan, hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat tuyg‘usini hayotimizda yanada keng qaror toptirish birinchi darajali vazifa ekaniga alohida e’tibor qaratmoqda. Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo albatta muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlanmoqda. 2017 yil 4 yanvardan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni kuchga kirgani korrupsiyaga barham berish uchun barcha asoslarni yaratib berdi. Mazkur qonun ijrosi to‘liq va samarali ta’minlanishi uchun 2017 yil 2 fevralda davlatimiz rahbarining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.    

 2017 yil sarhisob qilinsa, mansabdor shaxslarga pora berish bilan bog‘liq 1 ming 700 dan ortiq jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qilgan. Oqibatda 2,5 ming nafarga yaqin shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.        Xo‘sh, bularning hammasi nimadan darak beradi? Bu mamlakatimizda korrupsiya degan illatni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashga jiddiy kirishildimi yoki mansabdorlarning pora olish ishtahasi ochilib ketdimi? O‘sha mansabdorlarni korrupsiyaga qo‘l urishiga nima majbur qilmoqda? Bu borada ham tegishli mutaxassislar, qilni qirq yoradigan qonunshunoslarimiz o‘z mulohazalarini bayon etsa yaxshi bo‘lar edi. Ayniqsa, deputatlarimizning bu masalalar haqidagi munosabatlarini xalqimiz, ya’ni o‘z saylovchilari doimo kutishlari aniq. Albatta, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borilmoqda. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, bu illat botqog‘iga oyoq qo‘yganlar qonun oldida baravar javob beryapti. Ta’kidlash joizki, ayni paytda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralar­aro komissiyasi tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida ushbu jinoyatning sabablari va yuzaga kelish shart-sharoitlarini kompleks bartaraf etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilmoqda.

     Davlat dasturi loyihasi quyidagi beshta yo‘nalish bo‘yicha shakllantiriladi:

– korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish;

– fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;

– ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot, davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar;

– korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, oqibatlarini, sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;

– korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tashkiliy choralar, tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro hamkorlik.

 Har bir fuqaro Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etishi mumkin. Buning uchun u anticorruptionuz telegram-botiga kirib, korrupsiya holatlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga qaratilgan takliflarni taqdim etishi yoki korrupsiya bilan to‘qnashilgan hollar xususida o‘z fikrlarini bildirish imkoni bor. Insonni qiyin ahvolga tushiradigan, ruhan ezadigan holatlar ichida eng og‘iri adolatsizlik hisoblanadi, deyish mumkin. Uning bir ildizi korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lib, bu shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishida ifodalanadi.     Xalqimizning tom ma’nodagi adolat qaror topgan jamiyatda yashashi uchun nafaqat mas’ul shaxslar, balki har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi zarur. Bu fuqarolarimizda korrupsiyaga, aniqroq aytganda, har qanday qonunbuzarlikka nisbatan murosasizlik kayfiyati, madaniyati shakllanishiga ham bog‘liq. Chunki har qanday qonunbuzarliklar sodir etilishiga, ko‘payishiga ko‘p hollarda o‘zimizning befarqligimiz, loqaydligimiz sabab bo‘lib kelmoqda. Barchaning yakdilligi, yurt taqdiriga daxldorligi kuchayishi har qanday illatning batamom barham topishiga xizmat qiladi.

 

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi