Biz korrupsiyaga qarshimiz

       “Biz korrupsiyaga qarshimiz” Respublika tanlovining institut bosqichida 1-o’rinni egallagan,  Elektromexanika fakulteti 1-bosqich “Temir yo‘l elektr ta’minoti” ta’lim yo‘nalishi  ET-716 guruh talabasi Toshmatov Davron Murodillo o‘g‘lining yozgan maqolasi:

Biz korrupsiyaga qarshimiz

    Katta hayotga mustaqil qadam qo’yar ekanmiz, albatta har birimiz ertami-kechmi nohaqlikka, adolatsizlikka to‘qnash kelishimiz ehtimoldan xoli emas. Aytaylik, puxta bilimga ega abituriyentning institutga kirolmasligi yoki sudyaning pora evaziga gunohkorni oqlab, begunohni qoralashi kabi nohaqliklaru bedodliklar hayotda ozmi-ko‘pmi uchrab turadigan hodisalardir.  Davlat idorasida xizmat qilayotgan mas’ul shaxs pora evaziga fuqaroning ishini “to‘g‘rilab”, hojatbarorlik qiladi. Korrupsiyaning xarakterli jihati, amaldor hamda uning manfaatlari bilan jamiyat manfaatlarining bir-biriga zidligi hisoblanadi. Mazkur illatning aksariyat ko‘rinishi amaldorlarning tovlamachiligi bo‘lib, bunga davlatga qarshi jinoyat sifatida qaraladi. 

   Ushbu illatning ildizlari bir necha ming yillarga borib taqalishi odamni chuqur mulohazaga toldiradi. Dastlab insonlar biror-bir mavqega ega bo‘lish uchun qabila boshlig‘i yoki oqsoqolga sovg‘a-salomlar hadya qilganlar. Qimmatliroq sovg‘a bu odamni boshqalardan ajratib turgan va uning iltimosi yoki talabi so‘zsiz qondirilgan. Unga qarshi kurashgan ilk hukmdor sifatida eramizdan qariyb ikki yarim ming yil avval yashagan Shumer podshohi Uruinimgina nomi tilga olinadi. Qadim zamonlardayoq korrupsiyaga qarshi qattiq jazolar belgilanganiga qaramasdan, bu hamisha ham ko‘ngildagidek natijani bermagan. Nari borsa, eng xavfli jinoyatlarning oldi olingan, xolos. Biroq kamomadga yo‘l qo‘yishlar va pora olishlar muntazam ravishda davom etavergan. Mazkur muammo bilan deyarli barcha qadimgi davlatlar va tuzumlar, hatto qadimgi Misr fir’avnlari ham to‘qnash kelganlar. 

Inson borki, nafs bor, inson borki, xatoga yo‘l qo‘yadi. Nafs, manfaat tufayli insonlar nohaqdan nohaq hukmdor-u sudyalarning adolatsiz xukmlari jabrini chekkan. Bejiz ilohiy kitoblar sanalmish Injil va Qur’oni karimda o‘zgalar mol-mulkini nohaq o‘zlashtirmaslik yoki qozilarga pora berish evaziga boshqalar mol-mulkini egallab olmaslik xususida oyatlar nozil bo‘lmagan. 

 “Mol va (boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish(o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz! (Qur’oni karim, “Baqara” surasi, 188-oyat).

 Korrupsiya jamiyatdagi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy muammolar natijasida turli ko‘rinish va shakllarda namoyon bo‘ladi. Davlat mansabidan foydalanib, noqonuniy mukofot-hadyalar(aniqrog‘i pora) olishga ruju qo‘yish ko‘pincha islohotlar davrida yuz beradi. Fuqarolarning muammolarini hal etish uchun amaldorga pora berishi ko‘p hollarda masalani hal etishni tezlashtiribgina qolmay, balki yuz foiz arizachining foydasiga hal etadi. XVIII asr oxiridan boshlab o‘arbda jamiyatning korrupsiyaga munosabatida keskin burilish yuz berdi. Davlat hokimiyati unga tobe odamlar farovonligi uchun xizmat qilishi kerak, fuqarolar amaldorlar qonunlarga rioya qilgan holda ishlashi uchun ularni boqadi, degan shior ostida liberal islohotlar o‘tkazildi. Xususan, 1787 yilda qabul qilingan AQSh Konstitutsiyasida pora olish eng og‘ir jinoyat deb topilib, bunday hollarda hatto AQSh prezidentiga impichment e’lon qilinishi mumkinligi qayd etildi. 

 XX asrning ikkinchi yarmiga kelib bir mamlakatdagi korrupsiya boshqa mamlakatlar rivojiga ham salbiy ta’sir etishi ravshanlashdi. Korporatsiyalar tomonidan xorijdagi oliy mansabdorlarni sotib olish ommaviy tus oldi. O‘ta darajada korrupsiyalashgan davlatlar uchinchi dunyo bilan cheklanmay qoldi, 90-yillarda sobiq sotsialistik respublikalarda yuz bergan liberallashuv jarayonlari tufayli mansabdorlarning o‘z mansab vakolatini suiiste’mol qilishi yanada kuchaydi. «Financial Times» gazetasi 1995 yil 31 dekabrdagi sonida 1995 yilni “Korrupsiya yili” deb e’lon qildi. Korrupsiya haqidagi bilimlarni targ‘ib qilish uchun BMT 9 dekabrni Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni deb belgiladi. 

 Statistikaning guvohlik berishicha, poraxo‘rlik ayni paytga kelib nihoyatda tahdidli ko‘lam va miqyoslarni kasb etmoqda. U ayniqsa, iqtisodiy jinoyatlar orasida yetakchi o‘rinni tutadi. Korrupsiyaning insonlarga va umuman, jamiyatga yetkazadigan zarari juda katta. Bu o‘rinda ulardan ayrimlarini qayd etish bilan cheklanamiz, xolos. 

 Jumladan, korrupsiya avvalo, davlat mablag‘lari va resurslarini samarasiz taqsimlanishi va sarflanishiga sabab bo‘ladi. Davlat apparati ishi samaradorligi pasayishi ham korrupsiya tufayli yuz beradi. Korrupsiyaning avj olishi mamlakatda tadbirkorlarning sinishiga, malakali kadrlarning boshqa mamlakatlarga chiqib ketishiga sabab bo‘ladi. Bu illat oqibatida ishlab chiqarish uchun ajratilayotgan investitsiyalar miqdori kamayib, iqtisodiy o‘sish to‘xtaydi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda korrupsiyaning ta’siri sababli berilayotgan xalqaro yordamlardan maqsadsiz foydalanish, ijtimoiy tengsizlikning o‘sishi kuzatiladi. U aksar hollarda uyushgan jinoyatchilikning kuchayishiga, turli jinoiy to‘dalarning mafiyaga aylanishiga va oxir-oqibatda jamiyatda ijtimoiy axloqning pasayishiga olib keladi. 

 Yuqori darajada korrupsiyalashgan byurokratik apparatlarda katta miqdordagi davlat resurslari oson sindirish yoki bemalol pora olish mumkin bo‘lgan kanallarga yo‘naltiriladi. Bunday jamiyatda hukmron kuchlar asosiy diqqat-e’tiborini korrupsiyani nazorat qiluvchi mexanizmlarni zaiflashtirishga, matbuot erkinligi va odil sud tizimi mustaqilligini bo‘g‘ishga qaratadi. Uning eng xavfli ko‘rinishlari asosan jinoiy xatti-harakatlar hisoblanadi. Bunga eng avvalo, kamomad(o‘g‘irlik)ga yo‘l qo‘yish va poraxo‘rlik kiradi. Vakolatli mansabdor shaxsga ishonib topshirilgan resurslar va boyliklarni o‘z shaxsiy manfaati uchun sarflashi kamomad deyiladi. U oddiy o‘g‘irlikdan farq qilib, shaxs boshliqdan yoki mijozdan pul yoki mol-mulkni tasarruf etish uchun qonuniy ruxsat olgan bo‘ladi. 

 Korrupsiya xalqaro savdoda milliard-milliardlab ziyon keltiradi. Aynan mana shu holat keyingi yillarda xalqaro korrupsiya muammosiga e’tiborni qaratishga sabab bo‘ldi. Jumladan, amerikalik eksportchi firmalar xorij amaldorlariga pora bera olmagani uchun qulay bitimlarni boy berdi. Va aksincha, ko‘pgina YXHT davlatlarida xorijiy hamkorga pora berish taqiqlanmay, balki ularning soliq to‘lovlarida bu miqdor chegirib tashlandi. Aytaylik, nemis korporatsiyalarining bunday xarajatlari yiliga 5,6 milliard dollarni tashkil etgan. 

 Korrupsiyaga munosabat va qarshi kurashish har qaysi mamlakatda o‘ziga xos tarzda kechayotir. Jumladan, Rossiyada bu illat uzoq tarixga ega va keng ildiz otib ketgan. Mutaxassislarning tahlilicha, bu davlatda korrupsiya tizimi orqali har yili trillion rublgacha mablag‘ aylanadi. Bundan ko‘rinadiki, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Rossiyada hali ko‘p ishlar qilinishi lozim bo‘ladi. 

 Boshqa mamlakat, masalan, Singapurda korrupsiyaga qarshi kurash o‘zining qat’iyligi va davomiyligi bilan ajralib turadi. Singapur mustaqillikka erishgan 1965 yilda korrupsiya avjiga chiqqan edi. Uni kamaytirish uchun bir qator vertikal choralar ko‘rildi. Xususan, amaldorlar xatti-harakatlarini cheklab qo‘yish, byurokratik protseduralarni soddalashtirish kabi choralar shular jumlasidandir. Asosiysi, qonunchilikda bu illatga qarshi og‘ir jazolar tayinlandi. Hozirgi kunda Singapur korrupsiyadan xoli mamlakatlar orasida yetakchi o‘rinda turibdi. 

 Ayni kunlarda Saudiya Arabistonida korrupsiyaga qarshi katta kampaniya boshlandi. “Sky News Arabia” telekanali xabariga ko‘ra, 4 noyabr kuni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Oliy qo‘mita tuzilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hukmdor sulola oilasidan 11 nafar shahzoda korrupsiyada ayblanib qo‘lga olingan. Bundan tashqari, o‘nlab vazirlar hibsga olingan.

 2013 yil bahorda Si Szinpin Xitoy davlati raisi etib saylandi. Si Szinpinning ichki siyosatida korrupsiyaga qarshi kurashish asosiy o‘rinni tutadi. 2016 yil oktabrda XXR Kompartiyasi markaziy komissiyasi korrupsiyada ayblanib 1 million nafar davlat xizmatchilariga hukm chiqarilganini ma’lum qildi. 

 Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurash yuzasidan qanday ishlar olib borilayotgani xususida so‘z yuritadigan bo‘lsak, o‘tgan yillar mobaynida poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi holatlar bo‘yicha qonunchilikda turli jazolar belgilangan. Shunga qaramasdan, bizda bevosita korrupsiyaga oid qonun yo‘q edi. 

 2016 yil 24 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, u 13 dekabrda Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullandi. Ushbu qonun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim dasturilamal bo‘ladi, deb ayta olamiz. 

 6 ta bob 34 moddadan iborat ushbu qonunning 3-moddasida korrupsiyaga quyidagicha muxtasar ta’rif beriladi: “Korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;

 korrupsiyaga oid huquqbuzarlik  – korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;

 manfaatlar to‘qnashuvi  – shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat”. 

 Qonunning 4-moddasida korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy tamoyillari bayon etilgan. Xususan, unda qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi, javobgarlikning muqarrarligi bayon etilgan. 

 Biz ushbu maqolada dunyoda ildiz otgan yana bir salbiy illat – korrupsiyaning ayrim jihatlari xususida so‘z yuritdik. Ayni kunda mamlakatimiz Bosh prokuraturasi, sud-huquq idoralari va boshqa tashkilotlar bir yoqadan bosh chiqarib korrupsiyaga qarshi kurash olib borayotganini ta’kidlagan holda, bu sa’y-harakatlar yaqin yillarda o‘z samarasini beradi, deb o‘ylaymiz.

Biz – har birimiz korrupsionermiz!

 Korrupsiyaga qarshi kurash! –  deb tanlovlar, anjumanlar, davra suhbatlari va turli xildagi aksiyalar yoki reydlar uyushtiriladi. Lekin, ularning deyarli hammasi besamar yakunlanadi. Nima uchun? Chunki, eng avvalo o’zimizga qarshi kurashmas ekanmiz, korrupsiya o’z-o’zidan yo’qolib qolmaydi!

Men korrupsiyaga qarshimanmi? Balkim!

 Bugun korrupsiyaga qarshi kurash ko‘lami shu qadar kengaydiki, kunora shov-shuvli hibslarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Televizor pora olgan o‘qituvchini ko‘rsatib jar soladi, internet qo‘lga tushgan hokim-u amaldorlarni e’lon qilib bong uradi. Bu turishda amaldor tugab ketadi-yov, deb o‘ylab qolaman ba’zida. Xo‘sh, poraxo‘rlarning hammasini qamab tashlasak, korrupsiyaga chek qo‘yamizmi?

 Jamiyatning oddiy bir vakili sifatida o‘z turmush tarzim, odatlarimdan kelib chiqib bir savolga javob izlab ko‘raychi. Shaxsan men korrupsiyaga qarshimanmi? Menimcha yo‘q! So‘rashsa yomonlayveraman, internetda ko‘zim tushib qolsa, qoralab rosa izohlar yozaman, lekin aslo qarshi emasman.

Har kungi odatiy bir kun

 Poliklinikalardagi turna qator navbatlarga shunchalik ko’nikib ketganmizki, qaysidir xonada qaysi shifokor borligini emas, oxirgi odam kimligi bilan qiziqamiz. Navbat kutish bilan band bo’lar ekanmiz, o’zimizdan oldingi odamlar orasiga hech kimni “без очереди” o’tib ketishiga yo’l qo’ymaymiz. Lekin, orqadagilar bilan ishimiz yo’q. Kim kimning o’rniga turadi yoki turmaydi, parvo ham qilmaymiz.

 Yaqin insonim shifoxonaga tushadi. Shifokor oldida tumonat odam. Yana o‘sha tanish-bilishchilik, qistirishlar bilan ishlarni bitiraman. Shifokor diagnoz qo‘yadi va bir talay dorilar yozib beradi va ularni qaysi dorixonadan topish mumkinligini shipshitib qo‘yadi. Shu dorilarning aksariyati anchagina qimmatligi, dorixona bilan til biriktirib sotilishini juda yaxshi bilaman. Bir paket dorini shifokorga beraman va cho‘ntagiga yarim maoshimni solib qo‘yaman. Men uchun yaqinlarimning sog‘ligi muhim, pul esa topiladigan narsa!

 Yoki bozorda sotuvchi kimningdir mahsulotini o’lchashda tarozidan urib qolayotgan bo’lsa, bu bilan ishimiz ham yo‘q. Muhimi, bu holat biz bilan sodir bo’lmasa bo’lgani. Rostda, menga nima farqi bor?!

So’nggi yangiliklar

 Institutga borib, wifi ga kirib internetni titkilayman. Samarqand hokimi 1 mln dollar, Yunusobod hokimi 400 ming dollar pora olibdi….

 400 ming dollara… Yigirmata uy sotib olish mumkin. Yanayam zo‘ri – dang‘illama hovli olsang, mashinasiniyam qo‘shib berishyapti hozir. 300 mingiga olsam, qolgan 100 mingi yayrab yeb yotishga bemalol yetardi.

 400 mingni qo‘ying, 1 million-chi?! “Limonchik”ni seyfga bosganiga qaraganda ko‘mmalaridayam yana shuncha bordir. Buncha pul bilan xorijda, dengiz bo‘yida hashamatli villa sotib olsa bo‘ladi. Xayol surib ketaman. Hokim bo‘lsam, xalqimga xizmat qilishni emas, cho‘ntakni qappaytirishni o‘ylayman. Korrupsiya aybi bilan qo‘lga tushishdan qo‘rqib o‘tiramanmi? Imkon borida yulib qolish kerak, mana bosh maqsad!

 Do‘stimning mashinasida yo‘lga tushamiz. Tabiiyki xavfsizlik kamarini taqmaymiz. Kamiga, do‘stim mumkin bo‘lmagan joyda shartta buriladi va xavfli harakat qiladi. Qayoqdandir “GAI” paydo bo‘ladi. Aksiga olib do‘stimning hujjatlarida ham bir talay muammo…

 Hazillashib: “Yana san ham GAIni kapotingda olib qochma” deyman. Cho‘ntakni kovlab, topganimizni tiqishtiramiz. “Hech kimning qoida buzishga haqqi yo‘q!” deydi qat’iy. “Falonchini taniysizmi?” deya so‘rayman bo‘sh kelmay. Falonchi akamning raqamini terib, dardimni aytaman. Hujjatlarni qaytarib tutqazadi. Odamgarchilikni unutmaganman. Umid bilan, bola-chaqa deb ko‘chada turibdi. Bir kilo go‘shtning pulini cho‘ntagiga tiqaman. Axir hammasi qonun doirasida hal qilinganida kamida yarim millionlik jarima, yana avtomobil “stoyanka”ga tiqilardi-da.

 Bozorga boraman. Hokim bo‘lmasam-da, menda ham dollar bor. Ko‘chadagi “valyutchik”lar bankdan besh ming so‘m ko‘proq berishyapti ekan. Uyoq-buyoqqa qarab haligini sekin uzataman. Men ishim bitganiga xursandman, dollarchi foyda olganiga!

 Soliqchi tanishim bilan ko‘rishib qolamiz. Bir restoranga boshlaydi. Rosa yayrab, yeb-ichamiz. Restoran boshlig‘i “Kamchilik bo‘lmadimi, akalar?” deya so‘raydi. G‘ururlanib ketaman.

 Bular mening oddiy kunimdagi oddiy holatlar. Sudga, prokuraturaga va undan katta tashkilotlarga ishim tushsa ham yo‘lini topaman. Ko‘z tegmasin, “odamgarchilik”, “yaxshi muomala” hamma joyda bor. Ishlar bitaveradi-da!

 Men harqalay shundayman. Qo‘lingizni ko‘ksingizga qo‘yib javob beringchi, siz boshqacharoqmisiz? Bu odatlar aksariyatimizning qon-qonimizga singib ketgan emasmi?! Dunyoni o‘zgartirishni biz nimadan boshlashimizni o‘ylab ko‘rish fursati yetmadimi?

 Faqat maoshga kun kechirayotganlar, pora olmaydiganlar, ololmaydiganlar, kasbiga ko‘ra pora berilmaydiganlar qanday ro‘zg‘or tebratishayotgan ekan? Men kabi uddaburonlar ming yo‘l bilan ish bitirib ketayotgan bir paytda, qonun doirasida harakat qilsalar, qanday natijalarga erishyapti? Umuman ularning muammolari hal bo‘layaptimi?

 E, o‘ylab nima qildim, menga nima?…

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi