HAMID OLIMJON VA ALEKSANDR FAYNBERGLARNING HAYOTI VA IJODIGA BAG‘ISHLANGAN XOTIRA KECHASI

 Iste’dodli shoir, dramaturg, olim va jamoat arbobi Hamid Olimjonning tavallud kunining 110 yilligi hamda shoir, tarjimon Aleksandr Faynbergning tavallud kunining 80 yilligi munosabati bilan talaba-yoshlarda ularning ijodiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida joriy yilning 2-dekabr kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida ijodkorlarning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo’lib o’tdi.

 Tashkil etilgan kechada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi katta ilmiy xodimi Marhabo Kuchkarova, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tayanch doktoranti Anvar Alambergenov, “Tillar” kafedrasi dotsenti Oygul Iskandarova so‘zga chiqib, Aleksandr Faynberg hamda Hamid Olimjonlarning hayot yo‘li haqida so‘z yuritishdi.

 Olim va jamoat arbobi Hamid Olimjon 1909 yil 12 dekabrda Jizzax shahrida dunyoga kelganligini, Narimonov nomidagi boshlang‘ich maktabni tugatgach, Samarqand pedagogika bilim yurtida so‘ng Pedakademiyada o‘qiganligini, Hamid Olimjon talabalik yillaridayoq she’riyatga qiziqanligini. uning asarlari ilk marotoba «Zarafshon» gazetasida chiqa boshlaganini, uning «Ko‘klam» nomli ilk she’riy to‘plami ekanligini, shundan so‘ng «Olov sochlar», «O‘lim yovga», «Poyga kabi she’riy to‘plamlari nashr etilganligini, davr bilan birga odim tashlagan, o‘z ijodida xalqimizning mehnat jabhasidagi qahramonligini tasvirlagan shoir 30-yillarda qator ajoyib lirik she’rlar bilan birga «Zaynab va Omon» dostonini yaratganini, shoir she’riyatining lirik qahramoni — zamon bilan baravar odim otuvchi, vatanparvar, shodlik va baxt taronalarini kuylovchi inson ekanligini, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi Hamid Olimjon o‘zbek adabiyotining dolzarb masalalari bo‘yicha qator ilmiy-tanqidiy asarlar yaratganligini, A. S. Pushkin, L. N. Tolstoy, M. Gorkiy, V. Mayakovskiy, A. Serafimovich, T. Shevchenko, M. Lermontov, N. Ostrovskiy, A. Korneychuk asarlarini tarjima qilganini, o‘zbek xalq og‘zaki ijodining ajoyib durdonasi «Alpomish» dostoni birinchi marta nashrga tayyorlab chop etganini, Alisher Navoiyning 500 yilligini o‘tkazish yubiley qo‘mitasining a’zosi sifatida ulug‘ shoir hayoti va ijodi yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borganini, umrining oxirigacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qilganligini, «Ikkinchi jahon urushining olovli yillarida uning «Muqanna» nomli she’riy dramasi yaratilganini, uning «Jinoyat» dramasi zamonaviy mavzuda yozilganligini shoir 1944 yil  3 iyulda avtomobil halokatiga uchrab, vafot etganligini haqida talabalarga  ma’lumot berildi.

 Aleksandr Faynbergni 1939 yilda Toshkentda tug‘ilganligini, uning nomi va ijodi o‘zbek kitobxonlari, she’riyat ixlosmandlariga qadrli ekanligini, o‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari Toshkent, Moskva va Sankt – Peterburgda nashr etilganligini, shoir qalamiga mansub yettita badiiy filmlar ssenariysi o‘ziga xosligi va hayotiyligi bilan ajralib turishini, yigirmadan ziyod multfilmlar , nasriy asarlar muallifi ekanligini, bu asarlarga o‘zbek o‘quvchilarning qiziqishi ham tobora ortib bormoqdaligini, Aleksandr Faynberg – katta tarjimon bo‘lganligini, u rusiyzabon kitobxonlarga ko‘plab o‘zbek shoirlarining ijodi ochib berganligini, Moskvada O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning «Ruhlar isyoni» poemasi, Toshkentda « Oqqushlar galasi» nomli o‘zbek shoirlari ijodidan qilingan tarjimalar jamlanmasi nashr etilganligini, taniqli  shoirning o‘zbek tiliga o‘girilgan she’rlari “Chig‘ir” kitobida o‘quvchilar qo‘liga borib etganligini, O‘zbekiston xalq shoiri, Kinematografiya uyushmasi a’zosi Aleksandr Faynberg Rossiya Prezidenti Farmoni bilan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarga munosib hissa qo‘shganligi uchun Pushkin medali bilan taqdirlanganligini va  shoir 2009 yilda Toshkent shahrida vafot etganligi haqida  aytib o‘tildi.

  

 Tadbir so‘nggida Aleksandr Faynberg hamda Hamid Olimjon qalamiga mansub she’rlar o‘qib, tahlil qilindi.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi