JONAJON O‘ZBEKISTONIM, MANGU BO‘L OMON!

 “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!”shiori ostida o‘tkazilgan “Eng yaxshi maqola” Respublika tanlovining institut bosqichida 2-o’rinni egallagan,  Elektromexanika fakulteti, TV-650 guruh talabasi Ibragimov Fayoziddin Baxtiyor  o‘g‘lining yozgan maqolasi:

JONAJON O‘ZBEKISTONIM, MANGU BO‘L OMON!

 Yuksak faxr bilan ta’kidlash joizki, Mustaqillik biz uchun hayotimizning ma’no-mazmunini butunlay o‘zgartirgan, tariximizda yangi sahifa ochgan buyuk voqea bo‘lib, Vatanimizni, xalqimizni eski mustabid tuzum kishanlaridan ozod qilgani, milliy demokratik davlat qurish, barcha mamlakatlar va xalqlar bilan teng bo‘lib, farovon hayot barpo etish yo‘lini ochib bergani bilan qadrli va mo‘tabardir! Vatan ostonadan boshlanadi. Inson dunyoga kelishi bilan vatan oldidagi burchi hamda vazifasi u bilan birga buladi. Har bir inson umri davomida “vatan menga nima berdi”-deb emas balki, “men vatanimga nima berdim” – deb yashashi kerak.

 Farzand ona qornidaligidayoq tashqi muhitni his etib turar ekan. Mutahasislarni fikricha homlador ayol ko‘proq ovoz chiqarib turli vatan haqida adabiyotlar o‘qisa foydadan holi emas ekan. Shuningdek tug‘ilajak farzandga vatanga bo‘lgan muhabbatni aslida tug‘ilmasdan singdirib borishimiz maqsadga muofiqdir.

 Vatanni onaga qiyoslashadi. Ko‘plab adabiyotlarda “ona vatan” jumlasini juda ko‘p uchratganmiz. Onamiz biz uchun qanchalar muqaddas zod. “onalar oyog‘i ostida jannat” deyishadi. Onalarimiz bizga qanchalar umrini bag‘shiyda etganini qarzini to‘lash uchun umrimiz kamlik qiladi. Ona farzandini dunyoga keltirish uchun nafaqat jismonan balki, ruhan toliqishini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Onalar oldida vazifamizni buyuk islom dinimiz ham ta’kidlab o‘tishgan. Afsuski, hozirgi kunda ko‘pchilik volidasi oldidagi vazifasini unutib bormoqda. Shu o‘rinda sahobalardan biri payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v ga bergan savoliga bergan javobi tahsinga loyiq deb o‘ylayman.

Kimdir savol berdi aytgil Muhammad.
Yolg‘iz sen rasulsan butgul olamga.
Eng avval yaxshilik qilay o‘zing ayt.
Ota-onamgami yohud bolamga?
Rasul javob berdi, tingla birodar.
So‘zimni uch bora quloqqa ilgil.
Imkon topa olsang dunyoda agar.
Eng avval onanga yaxshilik qilgil”.

 Bas, gar shunday ekan. Onamiz oldidagi burchimiz va vazifamiz vatanga bo‘lgan muhabbatimiz bilan uyg‘unlashmog‘i zarur. Shu vatanda tug‘ildik, o‘sdik imkoniyatimiz boricha vatan ravnaqi yo‘lida kuch g‘ayratimizni, bilim salohiyatimizni ayamaylik. Shu jumladan ayollarimizga e’tiborni kuchaytirishimiz kerak. Ularni mavqei 2 darajaga tushib qolmasligi zarur. Axir aytishadiyu “ayol bir qo‘li bilan beshikni, ikkinchisi bilan dunyoni tebratadi”. Ayollarni e’zozlagan yurt kam bo‘lmaydi. “Biz hech kimdan kam bo‘lmaymiz, kam emasmiz” shiorini yodda tutgan holda vatan ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz zarur. Axir bu muqaddas vatan bizniki emasmi? Uni sevishimiz ko‘z qorachiday asrash burchimiz deb bilaman. Bu vatan, bu yurt seniki, meniki, uniki, buniki emas barchamiznikidir. Shu jumladan shuni ham yozishim kerak deb o‘ylayman. Zero hozirgi kunda ko‘plab vatandoshlarimiz eskicha boqimandalik kayfiyatida yurgani barchamizga sir emas. Mana shunday vatandoshlarimizga kerakli yordamlarni berib qo‘llasak nur ustiga a’lo nur bo‘lardi deb o‘ylayman. Zero oqibatli yurtda baraka bo‘ladi. Lekin kasbimizdan o‘z manfaatimiz yo‘lida qurol sifatida foydalanmaylik.

 Ko‘plab davlatlarda arzimagan sabablarni ro‘kach qilib oilalar buzilishi yuzaga kelmoqda. Bu esa vatanimizni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Oqibatda norasida go‘daklar yetim bo‘lib qolmoqda. Bu esa bolalar kelajagiga jiddiy ta’sir etmoqda. Yetim bolani ko‘ngli kamtik bo‘lib, kamtik joyni turli maqsaddagi kishilar to‘ldirishga urinishi ehtimoldan xoli emas. Mana shunday kemtikni vatanparlik ruhida to‘ldiraylik. Bir birimizga mehr-oqibatli bo‘laylik. Zero bolalar oiladagi mehrni ko‘rib vataniga o‘z muhabbatini baxshiyda eta olsin. Biz insonlardan nima qoladi, yaxshi amal yaxshi nom. Hatto buyuk Iskandar ham o‘limidan so‘ng tobutidan qo‘lini chiqarib ketdi. Iskandar hayoti bizga ibrat maktabi emasmi? U yurti uchun buyuk ishlarni qildi. Uning birgina shu amali kelajak uchun o‘rnak deb bilaman. Hozirda ko‘plab jabhalarda islohotlar ketmoqda. Vatandoshlarimizni fikrini ekologik madaniyatga qaratmoqchiman. Bunga esa be e’tiborlik bilan kelajakka bolta urmaylik. Vatanparlik yo‘lida e’tibor chekka hududlarda ham olib borilishini istardim. Ushbu masalada bir yoqadan bosh chiqarilsa, yosh avlodni vatanparvarlik tuyg‘ularini jushqunlantira olamiz deb o‘ylayman. Ana ushandagina bu sohada g‘alabaga erishar edik. G‘alaba yo‘lida tortilgan har qanday azob muqaddasdir. Mahallalarni ko‘zga ko‘ringan joylarida sport kompleksi, shinamgina kutubxona barpo etilsa vatan ravnaqiga o‘zini oliy janob hissasini qo‘sha oladigon yoshlar yetishib chiqishiga ishonaman. Zeroki vatan ravnaqini yoshlar ta’lim tarbiyasidan boshlamas ekanmiz, kelajakda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bobomiz Abdulla Avloniy ham “tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” – deb bir asr muqaddam bejiz aytmagan. Pullarimizni qayerdagi hoyu-havasga emas, yoshlarimiz kelajagiga sarf etsak maqsadga erishamiz.

 Vatan – inson  inson tug‘ilgan muqaddas  zamin, uning qalbida  abadiy qoladi va hech qachon unitilmaydi. Vatan tushunchasi  va unga  bo‘lgan muhabbat ona suti,  ona bag‘ri, ona mehr-muhabbati, ona allasi bilan  yuragiga bajo bo‘ladi.

 Vatan deganda ota-momolarimiz, avlod-ajdodlarimiz o‘tgan kindik qoni to‘kilgan ona Yerni tushunamiz. Avlod – ajdodlarini   bilgan va qadrlagan  inson  uchun ular yashagan makon jonajon  Vatandir.

 Vatanni qalban, chuqur his qilish uchun xalqning Vatanparvarlik namunalarini bilish, uni e’zozlash,  qadriga yetish, mustahkamlash kerak. Mana shu tuyg‘ular,  manashu go‘zal insoniy  oliy fazilatlar bugungu  erkin kunimiz uchun haqiqiy  Vatanparvarlik namunasidir. Birinchi Prezidentimiz I.A. Karimov o‘zining “O‘zbekistonning o‘z istiqlol va  taraqqiyot yo‘li” risolasida “O‘zbekiston – har  bir o‘zbek, bu  zaminda yashayotgan har bir millat vakili uchun sevimli Vatandir”, – deya O‘zbekiston fuqorasining  Vatanparvarligini, umuman, Vatanparvarlik mazmunini aniq ko‘rsatadi. Risolada aytilishicha, O‘zbekiston fuqarosining Vatanparvarligi – bu qayta o‘zgarishlar yo‘lini ko‘rsatuvchi, ko‘zlangan maqsaddan chetga chiqmaydigan  yo‘lchi yulduz, ishonchli  kompasdir… O‘z mamlakati bilan  faxrlanadigan  inson juda  ko‘p narsalarga  qodirdir. Bu esa oilaning ham? O‘z vatanining ham shon – shuhratini oshiradi.

 Muhammad Bobur  Hindistonda qudratli va shavqatli saltanat bunyod etadi.  U hayotning barcha  noz-ne`matlaridan,  lazzatlaridan istagancha bahramand bo‘lish imkoniga ega. Biroq Bobur bekamu ko‘st hayot  bilan o‘zizni baxtli  inson deb hisoblaganmi? yo‘q, albatta. Unga hamisha bir narsa yetishmagan,  uni hamisha bir tuyg‘u  qiynagan, qalbini o‘rtagan. Bu Vatan sog‘inchi  va tuyg‘usi edi.

              Tole’ yo‘qki  jonimga balolig‘ bo‘ldi,

              Har ishniki ayladim,  xatolig‘ bo‘ldi.

              O‘z yerni qo‘yib,  hind sari yuzlandim

              Yo rab netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi

  Vatan tuyg‘usi – bu o‘z  xalqini sevish, u bilan  faxrlanish , uni hurmat qilish va qdriga yetish degandir.Vatan tuyg‘usi – bu  shu aziz Vatanni  o‘zining halol  peshona teri  bilan bilan obod etgan  ajdodlarimizni doimo  eslamoq demakdir. Vatan tuyg‘su-bu o‘z aqli, idroki bilan jahon taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Vatandosh buyuk allomalarimiz, mutafakkirlarimiz, hadis va tasavvuf  ilmining sultonlarini unutmaslik  demakdir. Vatan tuyg‘usu – bu ona Vatanimiz ozodligi yo‘lida shaxid bo‘lgan buyuk ajdodlarimizni yodda tutish demakdir.

  Vatan tuyg‘usi-bu aziz va laziz, go‘zal Vatanimizga yuksak  e’tiqod bilan  yashash va unga hamisha  chin  farzand  bo‘lish demakdir. Ana shunday tuyg‘u,  hislarga ega bo‘lgan inson o‘z Vatanini sevmasligi, Vatanidan yiroqda bo‘lganida uni qumsamasligi mumkin emas.

 Vatan bittadir, shuning uchun ham u muqaddas. Yagona bo‘lgan narsalarning barchasi e’zozda – Vatan, Ona, Zamin, Osmon, Quyosh… Bittadan oshdimi, muqaddaslik qolmaydi. Ha, Vatan ona kabi yagonadir!Bepoyon Vatanimizning ba’zi go‘shalarida “vatan” so‘zi uy, xona ma’nosini ham bildiradi. Aytishadi: “O‘g‘lim uchun bir vatan qurdiray…” Yoxud kishi omadsizlikdan uyidan mahrum bo‘lsa “bevatan bo‘lib qolibdi”, deyishadi afsus bilan. Vatan – bu yashab turgan uyimiz!

 Vatan qadri undan uzoq bo‘lganingda sezilarkan. Vatanga muhabbat tuyg‘usi haqi­qatan ham ilohiy ne’mat ekanligi yaqqol bilinarkan! Safarlarda bo‘laman goho… Ittifoqo taqdir taqozosi bilan qo‘shni mamlakatda umrguzaronlik qilayotgan bir so‘xlikning uyida bo‘ldim. Turmushi farovon, sog‘-salomat. Lekin yuragida dard borligi – unga nimadir yetishmayotganligi sezilib turibdi. O‘zbekiston xaritasini tuhfa qilgandim, ko‘zlariga yosh keldi.

 O‘zbekiston xalqi tinch va osuda hayot kechirmoqda. Buni kimdir Vatan chegaralarining daxl­sizligidan bilsa, kimdir uning mustahkam ma’naviy qo‘rg‘oni bilan izohlaydi. Bu ikki omil uy­g‘unligi tufayli jannatmakon yurtimizda totuvlik, osoyishtalik hukm surmoqda. Shu muqaddas Vatan himoyachisi ekanidan qalbida iftixor va g‘urur tuyg‘usi uyg‘ongan har bir askar tug‘ilgan yeri, ota-onasi, sevikli yori, do‘st va qarindoshlari, mahalladoshini qo‘msaydi. Shu tuyg‘u zamirida,  Vatan sog‘inchi mujassamdir.Vatan! Uning ta’rifiga so‘z topolmaysan kishi.Istiqlol sharofati bilan O‘zbekiston ham dunyo xaritasidan joy oldi. Alohida rang bilan. Yuragimizga yaqin rang bilan!O‘z taqdiri, kelajagiga ega bo‘lgan xalqimizning muqaddas vazifasi buyuk ne’mat – istiqlolni, taraqqiyot sari yuz tutgan Vatanni yomon ko‘zlardan asrashdir.

 Insonlarni, ularning nomi, yodini aziz etgan tabarruk Vatan undan-da azizroq. Dunyoning yarmidan ko‘p azizu avliyosini, shohu sultonini dunyoga keltirgan mo‘tabar zamindir bizning diyorimiz. Zarrasi ko‘zlarga to‘tiyo, g‘ubori oltindan qimmat, har maysasi – ibrat, har boshog‘idan hadis unib chiqquvchi purhikmat tuproq. Bunda qatlam-qatlam ma’rifatu tamaddun, qatlam-qatlam bo‘lib azizu avliyolar yotibdilar. Ko‘hna kitoblarning shahodat berishicha, birgina Samarqand tuprog‘ining o‘zida 400 mingga yaqin valiylaru azizlar xoki o‘z mujassamini topgan. 400 ming bedor, uyg‘oq ruh kechayu kunduz yurt uzra panoh bo‘lib turibdi. Shu sababli, bu manzillarga qadam bosganda qalb ilohiy hayajonlar ila mavjlanadi, tan va ruh beixtiyor jimirlay boshlaydi.

 Insonning azizligiyu millatning buyukligini, or-nomus va g‘ururni, iftixor bilan sha’nu shavkatni o‘zida mujassam etgan manzilu makonlar, shaharlar va kentlar, binolaru ko‘chalar, yo‘llar va ko‘priklar… Bular bir kundayoq, o‘z-o‘zidan osmondan tushgani yo‘q, albatta. Bular – Istiqlolning, shu davru zamonning inshootlarga, maydonlar, ko‘cha va xiyobonlarga aylangan eskirmas hujjatlari, orzu-maqsadlarimizning Vatan kitobidan mangu maqom topgan sarg‘aymas sahifalari, farzandlarimiz baxti-kelajagining nurlanib turgan timsollari.

 Milliy ozodlikka erishgan qadim obidalar, qadamjolar.Milliy ozodlikka erishgan shamollar.Bu shamollar ko‘ksiga tegmog‘ini zahmatkash xalqimiz roppa-rosa 130 yil kutdi. Abdulhamid Cho‘lpon “Ey, sovuq ellardan muz kiyib kelg‘onlar. Ey, manim bog‘imdan mevamni terg‘onlar” deya nadomatli satrlar bitgan istibdod va malomat, mutelik va qaramlik yillari kunlarga bo‘linganda – 47 ming 450 kundan iborat erksizlik va haqsizlik davri.Shu bois Shahrisabzda – muhtasham Oqsaroy poyida, Sohibqiron Amir Temur qoshida buyukligini anglagan, Buxoroyi sharifda Bahouddin Naqshband bobo ayvonida turib azizligini bilgan, imom al-Buxoriy, imom at-Termiziylar ziyoratidan qayta tug‘ilganday bo‘lib kelayotgan, Andijonda Zahiriddin Muhammad Boburdan g‘ururlanib, Urganchda Jaloliddin Manguberdidan saboq olgan, Termizda Alpomish yonida ko‘kragida Boychiborlar depsinib uyg‘ongan avlodga – bugungi 19 yoshli vatandoshlarga necha zamonlaru asrlar havas qilsa arziydi.Shu o‘rinda Istiqloldan bir yil avval, mustabid tuzum jon bergisi kelmay, zug‘um va zo‘ravonligi talvasaga aylangan qaltis bir davrda, yurtimizda davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan amalga oshirilgan bir ma’naviy-ma’rifiy jasoratni eslab o‘tmoq g‘oyat ibratlidir. Buyuk muhaddis Iso at-Termiziy tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan xaroba choldivor holida, g‘arib va qarovsiz yotgan allomaning maqbarasi, yon-atrofi obod etilib, ko‘rkam va mahobatli ziyoratgoh majmuaga aylantirildi. Ilmiy anjumanga kelgan ko‘plab xorijiy mehmonlar, vatandoshlarimiz ushbu hodisani buyuk o‘zgarishlarga, bu yurtda ham hurriyat shamollari esajagiga timsol deb bilib, ko‘zda yoshu tilda duo bilan ketgan edilar.

 Oradan bir yil o‘tib, xalqimiz tarixidagi eng buyuk olamshumul voqea – O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilingandan keyin, Istiqlolning ilk sanasiga hazrat Alisher Navoiy yili deb ramziy-timsoliy nom berilishi bilan davlatimiz o‘z tanlagan yo‘li, insonparvarlik va tinchliksevarlik g‘oyasi, maqsad va muddaosini jahon ahliga ma’lum qildi.O‘shanda, ya’ni, 1991 yilning 28 sentabr kuni Toshkent shahrida Alisher Navoiy haykali va O‘zbekiston Milliy bog‘ining ochilish marosimida Prezidentimiz so‘zlagan nutq, jumladan, ta’kidlab aytilgan quyidagi so‘zlar barchamizni hamisha ogohlik va hamjihatlikka undab turadi:

 “Bizlarning tariximiz, bugungi hayotimiz shuni ko‘rsatayaptiki, ozodlik yo‘li, mustaqillik yo‘li mashaqqatli va g‘oyat og‘ir bo‘ladi. Hali ko‘p sinovlardan o‘tishga to‘g‘ri keladi. Istiqlol yo‘lida birinchi qadam qo‘yganimizdan boshlab, O‘zbekiston diyoriga, uning rahbariyati va siyosatiga malomat toshlarini otish va tutayotgan yo‘limizni to‘sish harakatlari kundan-kunga kuchayib ketyapti. Mustamlakachilik siyosati osonlik bilan jon bermaydi. Buni hammamiz yaxshi esda tutishimiz kerak. Shu sababdan bugun xalqimizni doim birdamlikka, bir-biriga hamnafas va hamdard bo‘lishga chaqirgan ulug‘ bobokalonimiz siymosi oldida, kelinglar, bir-birimizga so‘z beraylik. Ozodlik  va Istiqlol yo‘lida, bu ezgu niyatlarni hayotimizga amaliy tatbiq etishda bir jon, bir tan bo‘laylik!”

 Yurtning baland ayvonidan, maqom va martabalariga yarasha joy olgan Navoiy bobomiz, mana, o‘n to‘qqiz yildan beri azim poytaxtning ko‘rki va fayzi bo‘lib, olam ahlini yaxshilikka, ahillik va mehr- muhabbatga chorlab turibdilar. Nihollar daraxt bo‘ldi, gulzorlar bo‘stonlarga aylandi, o‘shanda beshiklarda ko‘zmunchoq o‘ynab yotgan minglab, yuz minglab chaqaloqlar bugun ulg‘ayib, yurt so‘rab turishibdi.Azizlarini aziz etgan, farzandlari, oilasi, dashtu dalasiyu tuprog‘ini aziz deb bilgan, nomiyu noniga azizlik sharafini qaytargan zotlar ham el-yurt oldida hamisha aziz bo‘lib qoladilar.

 Biz o‘n to‘qqiz yil davomida sinovlar, zahmatlarga qaramay, Vatanimizni o‘stirdik, Vatanimiz barobarida o‘g‘il-qizlarimizni voyaga yetkizdik. Bu kunlarning qadrini “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuining uyg‘oq sukunatidan so‘rang, u yerdagi navnihollar, jiyda daraxtlarining jannatiy barglaridan so‘rang. Bu yerdagi sukunat – gapirguvchidir, so‘ylaguvchidir. Vatan farzandlari yodidan qalbga darslar oling, ezgu nomlari, xotiralaridan ko‘nglingizga ta’lim va tarbiyat bering. Hazrati imom masjidining ko‘p iztirobli kunlarni boshidan kechirgan ko‘hna g‘ishtlaridan, bugun ozod-ozod yangrayotgan oyatlardan so‘rang. Bir zamonlar molxonayu porixonaga aylantirilgan tabarruk hujralarning chuqur sukunatini dilu joningiz bilan tinglang, ular hurlik va ozodlik yo‘li naqadar qiyin kechganidan mungli-mungli qissalar so‘ylab berishadi.

Bobolarim xokini men yuzlarga surtay,
Dilimdagi eng muqaddas so‘zlarga surtay,
Onamdayin aziz nonu tuzlarga surtay,
Ozod bo‘lgan oyatlarin ko‘zlarga surtay
O‘z yurtiga qaytib kelgan Qur’onim Vatan.

 O‘tgan o‘n to‘qqiz yil davomida qurganimiz, bunyod etganimiz, bino qilganimizu barpo etganimiz elu yurtimiz hayotini tom ma’noda o‘zgartirib, xalqaro maydonda, jahon hamjamiyati oldida Vatanimiz nufuzi va obro‘sining yuksalishiga olib keldi. Biz jahonga, jahon bizga qat’iyat va ishonch bilan qarashga, xalqaro siyosiy-iqtisodiy aloqalarda hech bir mamlakatdan qolishmaydigan darajada puxta, saranjom ishlashga o‘rgandik. Olamshumul moliyaviy-iqtisodiy, siyosiy-ijtimoiy anjumanlarning O‘zbekistonda o‘tkazilishi ham buning yana bir yorqin dalilidir.

 Ko‘zimiz buyuk o‘zgarishlarga o‘rganib qoldi, yangi qurilishlar va inshootlarga ko‘nika boshladik, bunyodkorlik, fidokorlik elimizning kundalik yumushi, odatiy vazifasi bo‘lib qoldi. Hayotimizda, yon-atrofimiz, viloyat va shaharlarimizda yangiliklar, yangilanishlar shu darajada ko‘pki, natijada biz, endi besh-o‘n yil oldingi oddiy fuqarolar emas, ongi-tafakkuri, tasavvur va dunyoqarashi mutlaqo yangi ma’no kasb etgan, jahoniy qoliplar bilan fikrlaydigan, talabchan, ayni paytda bilimli va zukko insonlar – hozirgi dunyo, davru zamonning ravishu raftori, talab va andozalariga javob beradigan, tushunadigan va anglaydigan haqiqiy zamon kishilariga aylandik. Vatanimizning iqtisodiy-ijtimoiy ko‘lamini ifodalaydigan, ishlarimiz va orzu-maqsadlarimiz zalvorini o‘zida mujassam etgan “Istiqlol inshootlari” degan ibora o‘n yillar oldin yangilik sanalgan bo‘lsa, endilikda bu – hayotimizning kundalik taomiliga aylandi. O‘tgan sermazmun va sur’atli yillar davomida bu inshootlarni bunyod etish barobarida biz ham o‘sdik, orimizga or, g‘ururimizga g‘urur qo‘shilib bordi. Eng buyuk hikmat va natija shundan iboratki, o‘tgan yillar silsilasida o‘zimiz ham yangilanib, shu ko‘priklaru yo‘llar, binolaru muhtasham qo‘rg‘onlar qatorida qalblarimiz ham Istiqlol inshootlariga evrildi. Biz bu binolarni zahmatlarimiz, kuch-quvvatimiz bilan birga qalblarimizni qo‘shib bunyod etdik. Binolarimiz bilan birga qalblarimiz, qalblarimiz bilan birga binolarimiz qad rostladilar.

 Nihollar nihollardan bo‘y olib o‘sganlari yanglig‘, yillar ham yillardan qad olib ulg‘ayadilar. Biz o‘tkizgan yillar mavhum yo mubham emas, ular ko‘z o‘ngimizda, bo‘y yetgan farzandlarimiz yanglig‘ ozod va ko‘rkam turibdilar. Bugungi obod va orasta qadim Samarqandga boqib, o‘n to‘qqiz yoshli o‘spirin, xushqomat o‘g‘lonning qaddu qomatini ko‘rganday bo‘lasiz. Tong saharda Andijonga qadam qo‘ysangiz, umringizning beg‘ubor, ozoda va chiroyli o‘n to‘qqizinchi fasli aro baxtiyor va bearmon yurganday sezasiz o‘zingizni. Shu go‘zal shaharlar qatorida beixtiyor o‘zingizni ham odamlariyu xonadonlari, hovlilariyu oilalari bilan ezgu insoniy niyatlarni ro‘yobga chiqarayotgan, quvonchlariyu tashvishlari sizga benihoya yaqin va qadrdon, bedor va behalovat, porloq va munavvar bir shahardek his eta boshlaysiz.“Ozodlik yo‘li, mustaqillik yo‘li mashaqqatli va g‘oyat og‘ir bo‘ladi. Hali ko‘p sinovlardan o‘tishga to‘g‘ri keladi.”

 Ha, juda ko‘p sinovlarni boshimizdan o‘tkazdik. Bizning g‘allamiz yetilib, bug‘doyzorlarimiz ufqlarga qadar oltin zarhal rangda tovlanib turgan bir pallada, mamlakatimizning hamma go‘shalarida, yo‘llar, peshtoqlarda “G‘allamizni yong‘indan asraylik!” degan shiorlar paydo bo‘lgan bir paytda, qora kuchlar qo‘shni mamlakatda yong‘in chiqardi. Tinch aholining uylariga o‘t qo‘yib, begunoh odamlarning qoni bilan joniga zomin bo‘ldi. Bu mudhish voqealar, har qanday ezgulikni go‘rga tiqishga tayyor qora kuchlar dunyoda hamon borligining yana bir dalil-isbotidir. Yurtimiz egasi bu voqealarga o‘z vaqtida rasmiy-siyosiy bahosini berdi: “Jaholat hech qachon yaxshilikka olib kelmagan. Qiziqqonlik, johillik oqibatida bu go‘zal hayotni bir lahzada yo‘qotish mumkinligini sira unutmaslik lozim. Bugungi murakkab davrda ogohlik, sezgirlik, hushyorlik har qachongidan muhim”, degan fikrlari hammamizni yana bir karra ogoh bo‘lishga, birdamlik va hamjihatlikka, go‘zal hayotimizning qadriga yetishga da’vat etadi. Jaholatning, yovuzlikning millati, or-nomusi yo‘q.

 Vatan. Vatan. Vatan!.. Har qancha takrorlasak ohori to‘kilmaydigan so‘z bu – Vatan! Ulkan… cheksiz qudrat, tayanch mavjud bu ulug‘vor so‘zda. Vatan deb, Vatan uchun yashayotgan odamgina shu go‘zal so‘zni mehr bilan, muhabbat bilan tilga oladi, dilida viqor, ruhida salobat sezadi.

 Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak yangi jamiyat Vatan bunyodkori bo‘lmish yangi insonni tarbiyalashda hozirgi paytda mahallalarimizda samarali faoliyat olib borayotgan bu noyob tuzilmani tom ma’noda o‘zini o‘zi boshqarish idorasiga aylantirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan mahalla oqsoqollari va faollari tobora ortib bormoqda. Shu maqsadda mustaqillikni dastlabki kunlaridan boshlab yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni amaliy natijasi o‘laroq adabiyot va san’at madaniyat matbuot sohasi mafkuraviy tayziqdan butunlay halos bo‘lganligini qayd etish joiz.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi