JONAJON O‘ZBEKISTONIM, MANGU BO‘L OMON!

 “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!”shiori ostida o‘tkazilgan “Eng yaxshi maqola” Respublika tanlovining institut bosqichida 3-o’rinni egallagan,  Elektromexanika fakulteti, TV-650 guruh talabasi Nurbayev Bobomurod Safar o‘g‘lining yozgan maqolasi:

 JONAJON O‘ZBEKISTONIM, MANGU BO‘L OMON!

 Ohista tun g‘ubori ortga chekinib baland tog‘lar ortidan shafaq yog‘du ko‘rina boshlaydi. Mana oftob chiqib kelyapti deb turganingda quyoshning jimirlagan nurlari tillarang yog‘du sochib sen qarab turgan tarafga qarama qarshi tarafdan chiqib kela boshlaydi. Sababi nimada deb o‘ylaysiz? Bunga sabab oftobning ilk nuri ulkan tog‘larga urilgan holda o‘zidan olis taraflarga uzatishga majbur bo‘ladi. Bazan biz bu ulkan, azim tog‘lardan hafa ham bo‘lmoqchi bo‘lamiz. Lekin ozgina o‘ylab  qarasak bu tog‘lar bamisoli bizning qalqonimiz hisoblanadi. Bu to‘lar bizni  qanchadan qancha qilichini yalang‘ochlab kelayotgan sovuq shamol izg‘irinlaridan mudofalaydi. Bizga berilgan har bir narsa alloh tomonidan berilgan eng buyuk in’omdir. Bu hayotda nimagaki erishmaylik bu o‘zimizning halol peshona terimizning mahsulidir.

 Dunyoda shunday ne’matlar borki, ularning qadr-qimmati, ahamiyati asrlar va hatto adabiyot bilan o‘lchanadi. Yillar, zamonlar o‘tsa ham ular inson, davlat, xalq va jamiyat uchun eng zarur ehtiyoj, oliy ne’mat bo‘lib qolaveradi.

 Ota-bobolarimiz daraxt eksa, uy qursa: “Ko‘p yillar bolalarimga, bolalarimning  bolalariga xizmat qilsin!” – deb yaxshi niyat qiladi. Deyarli har kuni ezgu tilaklarimizga qo‘shib aytadigan “Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin”, “Yaratganning o‘zi asrasin” degan ezgu maqsadlari bizga yangi kuch-g‘ayrat beradi, ertangi kunga katta umid va ishonch bilan yashashga undaydi. Mustaqillik yillarida bunday oliyjanob tilaklar qatoriga “Bizdan ozod va obod vatan qolsin”, “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart”, “O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak” degan iboralar qo‘shilib, xalqimiz o‘rtasida mashhur bo‘libketgani bejiz emas. Ularning orasida “Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin” degan ibora chuqur ma’no-mazmuni bilan alohida o‘rin tutadi.

 Mustaqillik ana shunday buyuk qadiriyatdir. Bu so‘zni aytganda, biz ham tariximiz, ham bugungi kunimiz, ham kelajak hayotimizni ko‘z o‘ngimizdan o‘tkazamiz. Ajdodlarimiz ayanan mustaqillikni qo‘lga kiritib, o‘z yurti, o‘z davlatiga o‘zi egalik qilgan davrlarda dunyoga dong taratib, mislsiz yutuqlarga erishganlar. Vatanimiz bosqinchilar zulmi ostida qolgan kezlarda esa xalqimiz qanchadan-qancha azob-uqubatlarga duchor bo‘lgan, mustaqillikka erishishni orzu qilib yashashgan. Lekin bunday buyuk maqsadga erishish uchun faqat orzuning o‘zi kamlik qiladi. Ozodlik yo‘lidagi ne-ne qiyinchilik va mashaqqatlardan qo‘rqmasdan, mardlik, fidoyili bilan kurashish talab etiladi. Eng og‘ir masala ham ana shu­­‑xalqni ozodlik g‘oyasi bilan uyg‘otib, uni bu yo‘lda albatta g‘alaba qozonishga ishontirib, olg‘a boshlashdir. Bunday ulug‘ vazifani ado etishga faqat katta rahbarlik tajribasiga, ulkan tafakkur, mustahkam irodaga ega bo‘lgan insongina qodir bo‘ladi. Muhtaram birinchi prizidentimiz Islom Karimov SSSR deb atalgan, mustaqillikdan oldin hukm surgan sobiq mustabid tuzum zulmi ostida qolib ketgan ona yurtimizni ozod qilish uchun 1989-yil 23-iyunda ana shunday tarixiy vazifani zimmasiga olib, O‘zbekiston rahbari sifatida ish boshladi. Prizidentimizning o‘sha paytda o‘tkazgan birinchi majlisida aytgan dastlabki so‘zlari “Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi” degan so‘zlaridir[1]. Bu so‘zlar zamirida umrini o‘tab bo‘lgan eski tuzumdan voz kechib, albatta, mustaqillikka erishamiz, yangi hayot, yangi jamiyat quramiz, degan ulug‘ maqsad mujassam edi. Bu shunchaki orzu, shunchaki havas emas, ulkan amaliy ishlar, jiddiy harakatlarning boshlanishi ekanini keyingi voqealar yaqqol ko‘rsatdi. Siz davlatimiz raxbarining “O‘zbekiston mustaqillika erishish ostonasida” o‘qigan bo‘lsangiz, bunga to‘la ishonch hosil qilasiz. 

 Ana shu tarixiy bayonotdan boshlangan o‘zgarishlar 1991 yil 31 avgustda mustaqillikka erishganimizdan keyin yanada keng tus oldi. Bugungi kunda esa bu yo‘ldagi harakatlar mutlaqo yangi bir sharoitdadavom ettirilmoqda. Bunday islohot va yangilanishlarning barchasi nafaqat bugungi va ertangi kunimizga, balki abadiyatga daxldor ishlar ekani e’tiborlidir.   

 Yurtimizda 33 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Buning teng yarmini yoshlar tashkil etadi. Mamlakatimizda turli qazilma boyliklar, dunyo bozorida talab katta bo‘lgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan yirik sanoat korxonalari ko‘p. Yerimiz unumdor, tabiatimiz qulay. Oddiy cho‘pni qadasangiz ham gurkirab o‘sib rivojlanadi. Lekin ana shu boyliklarning barchasini yurtimiz ravnaqi yo‘lida ishlatadigan kuch mehnatkash, mard va bag‘rikeng xalqimiz, shu xalqning ishonchi va tayanchi bo‘lib voyaga yetayotgan yoshlarimizdir. Aynan shuning uchun ham mamlakatimizda har bir bolaning sog‘lig‘i, uning dunyoda hech kimdan kam bo‘lmasdan o‘sib-ulg‘ayishi, zamonaviy bilimlar, kasbhunarlar, xorijiy tillarni puxta egallashi, hayotdan o‘z o‘rnini topishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, barchasi yaratib berilmoqda.

  Bir paytlar Amir Temur bobomiz: “Kim bizning qudratimizga shubha qilsa, qurgan imoratlarimizga boqsin”, – deb katta ishonch, g‘urur-iftixor bilan o‘z ishining abadiyatga daxldor ekanini ta’kidlagan edi. Sohibqiron bobomizning nabirasi, buyuk alloma va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek esa ilm-fan sohasidagi kashfiyotlari hech qachon yo‘q bo‘lib ketmasligini nazarda tutib: “O‘z ishimni munosib avlodlarimga qoldirdim”, – deb aytgan. Mumtoz mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiy, go‘yo ana shu haqiqatni tasdiqlagandek, Mirzo Ulug‘-bek haqida: “Qiyomatg‘a deguncha ahli ayyom, Yozarlar aning ahkomidin ahkom”, – ya’ni, bu dunyo olimlari Yer yuzida toki hayot bor ekan, Ulug‘bekning kashfiyotlari asosida yangi-yangi xulosalar, hukmlar chiqarib, bu kashfiyotlarni davom ettiradilar, deb qayd etgani bejiz emas, albatta.

 Buni qarangki, bu so‘zlar 2014 yil 14-15 may kunlari Samarqand shahrida o‘z tasdig‘ini topdi. Dunyoning 40 dan ziyod davlatlaridan kelgan eng mashhur olimlar bu shaharda “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga to‘plandilar. Ular boshqa buyuk allomalarimiz qatori Mirzo Ulug‘bek merosi haqida ham yaxshi fikrlar bildirdilar, ya’ni, bu buyuk mutafakkirning ahkomidan ahkomlar yaratganlarini bayon qildilar.

 Prezidentimiz yurtimiz yoshlarining turli sohalarda erishayotgan yutuqlarini butun xalqimiz, O‘zbekistonimizning yutug‘i deb biladi. Demak, Vatanimiz istiqlolini asrab-avaylash va mustahkamlash, O‘zbekistonimiz shuhratini jahonga yoyish vazifasi kelajakda aynan sizdek yoshlarga bog‘liq.Muxtasar qilib aytganda, “Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!” degan so‘zlarning negizida chuqur ma’no mujassam.

 Haqiqatan ham, biz abadiyatga daxldor ishlari bilan dunyoga tanilgan xalqmiz. Qadimiy shaharlarimizdagi tarixiy obidalarimiz, buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi, istiqlol davrida barpo etgan ko‘plab inshootlarimiz, bugungi kunda xalqimiz, jumladan, yoshlarimiz erishayotgan ulkan yutuqlar aynan shundan dalolat beradi.    

 Bugungi kunda Toshkentning o‘zi ulkan darvoza hisoblanadi. Chunki dunyoning g‘arbiy o‘lkalaridan Sharq mamlakatlariga, Sharqdan esa G‘arbga boradigan samolyotlar, avtomobil karvonlari Toshkent orqali o‘tadi. Shuning uchun u tom ma’noda Sharq darvozasiga aylanib bormoqda. Toshkentning yana bir muhim xususiyati – bu yerda irrigatsiya tarmoqlari – ariq va kanallarning ko‘pligidir. Chirchiq daryosining o‘ng sohilidagi magistral kanal – Bo‘zsuv Toshkent shahri hududida Anhor, Bo‘rijar, Salor, Qorasuv, Kaykovus kabi tarmoqlarga bo‘linib, mahalla va mavzelar bo‘ylab kichik ariqchalar shaklida tarqalib ketadi. Biron-bir ko‘cha yoki guzar yo‘qki, undan suv to‘la ariqchalar oqib o‘tmasa. “Toshkentning mayin havosi, go‘zal tabiati, qut-baraka yog‘iladigan fusunkor bog‘lari, zilol va shifobaxsh suvlari haqida qanday go‘zal ta’riflar bitilmagan. Xususan, XVI asrda yashab o‘tgan tarixchi alloma Zayniddin Vosifiy Toshkentni ulug‘lab, bu diyorni bir bor ko‘rgan odam bamisoli jannat bog‘larini kezgandek bo‘ladi, deb yozganida ayni haqiqatni ifoda etgan edi” [2].

 Qadimiy Toshkentning ko‘cha va mahallalari, guzarlari Temirchi, Miskarlik, Degrezlik (qozon yasovchilar), O‘qchi, Egarchi, Taqachi, Mahsido‘zlik, Ko‘nchilik, Parchabof degan nomlar bilan mashhur bo‘lgan. Ayniqsa, kamonchilar yasagan o‘q-yoylar «kamoni Shoshiy» degan nom bilan yetti iqlimga tanilgan. Toshkent azaldan ilm-ma’rifat shahri, buyuk allomalar, aziz-avliyolar yurti bo‘lib kelgan. Bu zamindan Qaffol Shoshiy, Shayx Xovandi Tohur, Xo‘ja Ahror Valiy, Hofiz Ko‘ykiy, Shayx Zayniddin bobo, Ibrohim ota va Qo‘yliq ota kabi aziz-avliyolar, “Shoshiy”, “Toshkandiy’ taxalluslari bilan ko‘plab olimlar, shoir va mutafakkirlar yetishib chiqqan.

 XX asr boshlarida jadid ma’rifatparvarlari sifatida maydonga chiqqan tarixiy harakat ham avvalo Toshkentdan boshlanib, butun yurtimizga keng tarqalgan edi. Bu harakatning Munavvar qori, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy kabi atoqli vakillari aynan qadimiy Shosh farzandlaridir. Istiqlol davrida Toshkent tom ma’noda poytaxt shaharga, jahon miqyosida tan olingan megapolis, ya’ni yirik shaharga aylandi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ulkan tarixiy o‘zgarishlar Toshkentdan boshlanmoqda. Men yuqoridagi fikrtimni ifodasiga qo‘shimcha qilib aytadigan bo‘lsam, O‘zbekistonning chinakkam va munosib poytixti bu Toshkentdir.Bunday xususiyatga ega bo‘lgan shaxarlarimiz yana bir qancha. Ularga atalgan ta’riflarimizning adag‘i ham yo‘q. Qancha ijobiy fikr bildirsak ham oz. Shunaqa janattmonand yurtga aylanishi ham bu eng avvalo mustaqilligimizning sharofati deb bilaman.

 Sobiq sho‘ro tuzumi davrida boshqa qadriyatlarimiz qatori Navro‘z ham taqiqlandi. Ana shu zamonda ayrim rahbarlar “zararli”, “diniy sarqit” degan bo‘lmag‘ur ayblovlar bilan Navro‘zga qarshi kurashib, sumalak to‘la qozonlarni ag‘darib tashlagani va shunga o‘xshash har xil bema’ni ishlarni amalga oshirgani haqida sizga keksa avlod vakillari ko‘plab misollarni aytib berishi mumkin.Bu gaplar, ehtimol, sizdek bugungi yoshlar uchun xuddi afsonadek tuyular. Lekin bundan 30–35 yil oldin shunday holatlar xalqimiz hayotida oddiy holga aylangan edi. Faqat istiqlol bunday salbiy hodisalarning barchasiga barham berdi. Navro‘z bayrami ilgari hech qachon bugungidek, yurtimizdagi 130 dan ziyod elu elat vakillari, xorijiy mehmonlar, elchilar ishtirokida keng nishonlanmagan.

 Har yili mamlakatimiz poytaxtidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida bo‘ladigan Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanali bayram shodiyonasi sun’iy yo‘ldosh orqali dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ko‘rsatiladi. Xalq hayotida shunday qadriyatlar bo‘ladiki, ular millatning o‘zi bilan birga shakllanadi va uning asosiy belgilaridan biriga aylanadi. Til – har bir millatning ana shunday bebaho qadriyatidir. O‘zbek tili ham millatimiz bilan ming yillar davomida birgalikda shakllanib kelgan. Xalqimizning boshiga tarixda qanday og‘ir sinovlar tushgan bo‘lsa, tilimiz ham bundan benasib qolmagan. Dushmanlar yurtimizga hujum qilib, yerimizni bosib olgan davrlarda asosiy milliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan tilimiz ham taqiqlangan, kamsitilgan. Bosqinchilar ona tilimizda erkin gapirishga yo‘l bermagan. Xalqimiz erkin va ozod bo‘lib, o‘z yeri, o‘z taqdiriga egalik qilib yashagan kezlarda tilimiz ham o‘z qaddini tiklab, boyib, rivojlanib borgan. Masalan, arab va mo‘g‘ul istilosidan keyin o‘zbek tilining jamiyat hayotidagi mavqeyi pasayib ketgan edi. Temuriylar davlatchiligi davrida xalqimizning sha’ni, qadrqimmati bilan birga tilimizning nufuzi va obro‘-e’tibori ham qayta tiklandi.

 Bu holni millatimiz ma’naviyatining yana bir muhim belgisi bo‘lmish betakror me’moriy obidalarimiz sobiq sovet davrida qanchalik vayron qilingani misolida ham ko‘-rishimiz mumkin. Yurtimizda sho‘-rolar hukmronlik qilgan davrda masjid va madrasalar buzilgan, ularning omon qolganlari esa omborxona, do‘kon, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga aylantirilgan. Aziz avliyolarimizning qabrlari oyoqosti qilingan, ularning nomlari, o‘lmas merosi xalqimizdan yashirilgan. Hozirgi vaqtda har tomonlama obod qilinib, yurtimiz va butun dunyodan ming Buxoro. Bahouddin Naqshband yodgorligi minglab insonlar kelib ziyorat qiladigan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband yodgorlik majmualari bir paytlar mutlaqo qarovsiz qolib ketgan edi.

 Bugungi kunda yurtimizning qaysi go‘shasiga borsangiz, buyuk bobolarimiz xoki yotgan muqaddas qadamjolarni, ularning obod va fayzli maqbaralarini, so‘lim bog‘-rog‘larni, xotira xiyobonlarini, zamonaviy litsey va kollejlarni, ravon yo‘llarni ko‘rasiz. Odamlarimiz o‘zlarining tilida bemalol gaplashadi, milliy bayramlarimizni birgalikda keng nishonlaydi, diniy ma’raka va marosimlarga bemalol borib, kerakli rasm-rusumlarni ado etadi. Yurtdoshlarimizning har yili muqaddas Ka’ba ziyoratiga – haj va umra safarlariga, dunyoning boshqa mamlakatlariga ilm olish, ishlash, savdo-sotiq qilish, sayohat va dam olish uchun borib kelayotganini yaxshi bilamiz. Bugungi kunda ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida nufuzli musobaqalar, ko‘rik-tanlovlar va festivallarda munosib ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan yoshlar ham haqiqiy vatanparvarlardir. Shuningdek, o‘qishda, ishda, harbiy xizmatda, oila qurishda boshqalarga namuna bo‘layotgan yoshlarni ham ularning qatoriga qo‘shish mumkin.“Har kuni, har soatda fidoiy bo‘lish, o‘zini tomchi va tomchi, zarrama-zarra buyuk maqsadlar sari charchamay, toliqmay tinimsiz safarbar etib borish, bu fazilatni doimiy, kundalik faoliyat mezoniga aylantirish – haqiqiy qahramonlik aslida mana shu” [3].

 Vatanparvarlik tuyg‘usini tarbiyalashda ko‘p o‘qish, qishloq va mahalla hayotida faol ishtirok etish, odamlar bilan muloqot qilish, ularni o‘rganish ham katta ahamiyat kasb etadi. Chunki inson shular orqali o‘z yurtini yanada yaxshiroq bilib oladi, unga bo‘lgan muhabbati ortadi. Shuning bilan birga, sayohat qilish, Vatanning shahar va qishloqlarini o‘rganish, dunyo kezish ham insonga olam-olam taassurot beradi, uning qalbini go‘zallashtiradi, tasavvurlarini kengaytiradi. Axir, xalqimiz: “Yurgan – daryo, o‘tirgan – bo‘yra”, – deb bejiz naql qilmaydi. Tasavvur qilib ko‘ring, yarim enlik to‘shanchi – bo‘yra qayoqda-yu, qanchadan-qancha shahar-qishloqlar, vodiylar osha oqib o‘tadigan daryo qayoqda! Albatta, daryodek toshib, hayqirib yashash insonni ulug‘laydi.

 Bizga mana shunday ulug‘ kunlarni bergan tangriga ming bor shukronalar keltiraman. Mening vatanimni yomon ofatlardan asrashini undan so‘rayman. Har doimo oqil yurtboshmiz sog‘ bo‘lsin. Ona vatanim, jonajon O‘zbekistonim mangu bo‘l omon.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

  1. Islom Karimov. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. –T.: “O‘zbekiston”, 2011 yil, 32 bet.
  2. Islom Karimov. Tarixi boy, buguni go‘zal, kelajagi buyuk shahar. –T.: “O‘zbekiston”, 2009-yil, 5-6 betlar
  3.  3.Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: “Ma’naviyat”nashriyoti, 2013 yil, 165 bet.
  4. Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. Toshkent, “Ma’naviyat” nashriyoti, 2013 yil, 7-8 betlar.
  5. Islom Karimov. Vatan va xalq mangu qoladi. Toshkent, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona nashriyoti, 2010-yil, 6-12 betlar.
  6. Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar. Toshkent,“O‘zbekiston” nashriyoti, 2000 yil, 51-52 betlar.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi