VATANNI MARDLAR QO’RIQLAYDI

 2020-yilning 11-yanvar kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti hovlisida harbiy marsh va harbiy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Harbiy marshda Qorovul qo‘shinlari tarkibidagi 7531 harbiy qism, O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiya qo‘shinlari, “Temurbeklar maktabi” ofitserlar va tinglovchilari ishtirok etishdi.

 Marosim tashkilotchilari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining mudofaa qudratini mustahkamlashga ko‘maklashish, yoshlarni Vatanni himoya qilishga tayyorlash, ular o‘rtasida Vatanni himoya qilish haqidagi g‘oyalarni targ‘ib etish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarida ko‘maklashish, yoshlar o‘rtasida sportning texnik va amaliy turlarini targ‘ib qilish va ommaviyligini oshirish, turli darajadagi sport musobaqalarini o‘tkazishga e’tibor qaratdi.

 Tadbirda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Mirobod tumani kengashi tasarrufidagi avtotransport texnikalarining namoyishi, sportning texnik va amaliy turlaridan avto va motosport, “Karting” turlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar va ko‘rgazmalar tashkil etildi.

    Shuningdek, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya institutining “Harbiy” kafedrasi, Mirobod tuman Mudofaa  bo‘limi tadbirda harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasini namoyish etishdi.

Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi