UNIVERSITET REKTORI ODIL KALANDAROVICHNING BAYRAM TABRIGI

Qadrli hamkasblar, aziz talaba yoshlar!

Barchangizni kirib kelayotgan 2021-yil bilan muborakbod etaman!

Biz yashayotgan ayni kunlarni darhaqiqat oddiy davr deb bo‘lmaydi. Jarayonlar rivoji har birimizga Vatan va xalqimiz oldida mas’uliyat yukladi. Harakatlar taraqqiyoti universitetimizni dunyo ta’lim hamjamiyatidagi o‘rnini chuqurroq anglashga majburlamoqda. Ushbu mas’uliyatli davr ilmiy-ma’rifiy sohaga innovatsiyalarni joriy etishga, yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga, xorij olimlarini ta’lim jarayoniga jalb etishga da’vat etmoqda. Kirib kelayotgan yilda yangilanayotgan ta’limning serqirra vazifalarini ham birgalikda yengib o‘tishga ishonaman.

Universitet ilm targ‘iboti bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdi. Har bir hodim faoliyatida ilmiy dunyoqarash muhim o‘rin egallashi uchun harakat qilmoqdamiz. Keng miqyosdagi ma’rifiy faoliyat universitet tarixi davomidagi taraqqiyot yo‘nalishlaridan biri bo‘lib keldi. Bugungi kunda ilmga bo‘lgan katta ijtimoiy talabning vujudga kelganligi ham bejiz emas.

Rektor sifatida Toshkent davlat transport universitetiga– yurtimizdagi eng ilg‘or oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida qaralayotganligi meni quvontiradi. Yutuqlarimiz kaliti iqtidorli yoshlarimiz qo‘lida. Talabalarimizning yuqori intellektual salohiyati va g‘alabaga bo‘lgan intilishlari davlat stipendiantlari, olimpiada va tanlov g‘oliblari saflarining kengayishiga xizmat qilmoqda. Iste’dodli yoshlarimiz bilan faxrlanaman va ularning yorqin kelajagiga ishonaman.
Universitet sharafini o‘z yelkalarida salkam 90 yil davomida ko‘tarib kelgan ilm fidoyilarining xizmatlarini ayni damlarda eslashni joiz deb topdim. Yillar davomida erishgan yutuq va shakllangan an’analarimiz – eng muhim boyligimizdir. Uni asrash va yuksak maqsadlar yo‘lida yanada boyitish kirib kelayotgan 2021 yilda asosiy maqsadlarimizdan biri bo‘lib qolishi kerak.

Qadrli do‘stlar! Yangi yil tantanalarida men Sizlarning har biringizga sog‘liq-salomatlik, ijodiy g‘oyalaringizga rivoj va oilaviy baxt tilayman!