Murabbiy – muayyan akademik guruhga biriktirilgan, shu guruhdagi talabalar bilan ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarini olib boradigan, mazkur guruh uchun umumiy javobgar bo‘lgan professor-o‘qituvchi;

Murabbiylar Kengashi – institutdagi barcha murabbiylarni birlashtiradigan, ularning faoliyati bo‘yicha uslubiy metodik yordam berishga qaratilgan Kengash. 

Murabbiylar Kengashi “Ta’lim to‘g‘risida”gi va “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklarning tegishli buyruqlari hamda institut Nizomiga tayangan holda faoliyat yuritadi.

Kengashning maqsadi va vazifalari 

Kengash guruh murabbiylarining talaba-yoshlar bilan olib borayotgan ta’lim va tarbiyaga doir ishlarini muvofiqlashtirish, yoshlarni barkamol, milliy g‘oyaga sadoqatli, jamiyatning ijtimoiy faol a’zosi qilib tarbiyalash ishlarida o‘quv-metodik ko‘mak berish va ular ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida tashkil etiladi.

Talabalarni milliy ruhda tarbiyalash, ularda Vatanga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish, jamiyat hayotida faol ishtirok etish, o‘z bilimlarini muntazam oshirib borish kabi fazilatlarni shakllantirish Kengashning ustuvor vazifasi hisoblanadi.

Bundan tashqari, Kengash quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

  • guruh murabbiylarining faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
  • institutda bo‘lim, fakultet va kafedralar bilan hamkorlikda ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarini amalga oshirish;
  • institut Ota-onalar Kengashi hamda ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedralari o‘qituvchilari bilan hamkorlikda institutdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish, talabalarning ruhiy olami yuzasidan so‘rovnomalar hamda psixodiagnostika ishlarini amalga oshirish, natijalari bo‘yicha institut rektoriga axborot kiritish;
  • talabalarning ota-onalari, mahalla va huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan hamkorlikdagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish;
  • xalqaro hamda O‘zbekiston hayotiga tegishli muhim sanalarga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil qilish va ularning ahamiyatini ochib berishda murabbiylarga ko‘maklashish, tadbirlarni yuksak saviyada o‘tkazishga yordam berish;
  • institutdagi “Axborot guruhi” hamda “Ma’naviyat va ma’rifat” va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi bilan doimiy hamkorlikda faoliyat yuritish, guruh murabbiylarini har hafta o‘tkaziladigan “Axborot va murabbiylik soati” uchun materiallar bilan ta’minlashda ishtirok etish;
  • talabalar turar joylari va ijarada turuvchi talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganish va yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish;
  • talabalarning bo‘sh vaqti taqsimotini o‘rganish, materiallarni yig‘ish va tahlil qilib borish;
  • talabalarning darsdan keyingi bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, dam olishini tashkil qilish, “Ma’naviyat kuni” va “Ma’naviyat haftaligi” doirasida uyushtiriladigan tadbirlar, sayohatlarni tashkil etishda yaqindan ko‘maklashish;
  • akadem guruhlarda suhbatlar o‘tkazish orqali institut faoliyatiga doir fikr-mulohazalarni o‘rganish va umumiy holatni yaxshilash bo‘yicha rahbariyatga takliflar kiritish;
  • murabbiylarning dunyoqarashini kegaytirish, ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini rivojlantirish maqsadida o‘quv seminarlar, davra suhbatlari va boshqa turdagi tadbirlarni amalga oshirishni tashkil etish.

Murabbiylar Kengashining asosiy funksiyalari: 

  • institutda talaba-yoshlarning umuminsoniy va milliy qadriyatlarni e’zozlovchi insonlar bo‘lib yetishishidagi amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilish va har bir murabbiy faoliyatiga yil yakuni bo‘yicha xulosalar chiqarish;
  • o‘quv yili boshida guruh murabbiylari tomonidan yillik ish rejalari tuzilishini nazorat qilish va ijrosini ta’minlash;
  • talaba-yoshlar ongiga milliy g‘oyaga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat tushunchalarini singdirib borish jarayonini tahlil qilish;
  • guruh murabbiylari tomonidan akadem guruhdagi har bir talabaning ob’ektiv ma’lumotnomasi (psixologik portreti) shakllantirish, kelgusi o‘quv yilida esa doimiy yangilab borilishini nazorat qilish;
  • o‘quv yili davomida “Murabbiylik soatlari” o‘tkazish jarayonini nazorat qilib borish;
  • talabalarning imtihon topshirish jarayonlarida qatnashish, talabalar bilimining adolatli baholanishi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining Qarorlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va idoralarning buyruqlari, institut rahbariyati va fakultet dekanatlarining guruh murabbiylari faoliyati bilan bog‘liq buyruqlari, farmoyishlari va respublikamiz hamda jahonda yuz berayotgan yangiliklardan akadem guruh talabalarining xabardorligini oshirish va mazkur masala bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar monitoringini yuritish hamda tegishli axborotlar tayyorlash;
  • talabalarning kiyinish va muomala madaniyati, institutning odob-axloq qoidalariga amal qilish darajasini o‘rganish va tegishli kengash yig‘ilishlarida axborot berish;
  • talabalarning intizomini muntazam kuzatib borish, talabalarning darsga qatnashish jarayonini tahlil qilish, tekshirib borish, talabalarni jamoat ishlariga jalb qilish jarayonini o‘rganish hamda Kengash raisiga tegishli axborotlar berish;
  • guruh murabbiylari tomonidan har bir talabaning shaxsiy qiziqishi to‘g‘risida mukammal ma’lumotlar bazasi shakllantirilgani, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha ishlar tashkil etilgani,talabalarning ota-onalari bilan doimiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilganini doimiy nazorat qilib borish;
  • iqtidorli talabalarni aniqlash, ularni ilmiy va boshqa turdagi to‘garaklarga jalb etish;
  • professor-o‘qituvchilar, jumladan, guruh murabbiylarining akadem guruhga rahbarlik uchun shaxsiy ish rejasida belgilangan soatlarning bajarilgani to‘g‘risida har semestr yakunida fakultet dekaniga yozma axborot berish;
  • yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ustoz-murabbiylar uchun o‘quv yili oldi yig‘ilishlarni tashkil qilish;
  • murabbiylar uchun o‘quv yiliga mo‘ljallangan namunaviy reja ishlab chiqish, tasdiqlash va ijrosini nazorat qilish;
  • 1-bosqich talabalari uchun “Institutning odob-axloq qoidalari” va “1-bosqich maktabi” tadbirlarini uyushtirish;
  • har bir guruhdagi talabalarning ma’lumotlar bankini umumlashtirish;
  • institutning Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishlarida axborot berib borish, shuningdek, institut Kengashida bir yilda kamida bir marta hisobot berish;
  • har uch oyda Kengash yig‘ilishini o‘tkazish va unda guruh murabbiylarining hisobotlarini tinglash hamda keyingi uch oy ish rejasini muhokama qilish;
  • guruh murabbiylariga metodik yordam ko‘rsatish, hisobotlarni tinglash, tegishli qarorlar qabul qilish;
  • har olti oy yakuni bo‘yicha namunali guruh murabbiylarini aniqlash, ularni taqdirlash, rag‘batlantirish bo‘yicha institut rahbariyatiga takliflar kiritish;
  • Kengash raisi tomonidan o‘quv yili davomida o‘tkaziladigan “Axborot va murabbiylik soati”ning yillik ish rejasini tahlil qilish va tasdiqlash;
  • dolzarb masalalar bo‘yicha talabalar va soha mutaxassislari ishtirokida suhbatlar uyushtirish.

Kengash faoliyatini tashkil etish 

Institutda Murabbiylar Kengashi, fakultetlarda fakultet Murabbiylar Kengashi tuziladi. Fakultetlardagi Murabbiylar Kengashiga rais saylanadi va u bir vaqtning o‘zida institut Murabbiylar Kengashining a’zosi hisoblanadi.

Kengash raisiga qo‘yiladigan talablar:

– institutda kamida ikki yil samarali mehnat qilgan;

– katta hayot tajribasiga ega;

– psixologiya va tarbiya nazariyasi hamda metodikasini chuqur egallagan;

– o‘zining ma’naviy qiyofasi, xatti-harakatlari bilan mehnat jamoasi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan;

– talabalar va murabbiylar bilan til topishib keta oladigan;

–  rahbarlik qobiliyatiga ega va boshqalarni ortidan ergashtira oladigan;

– mas’uliyatli va javobgarlikni his qiladigan.

Kengash raisi institut Kengashining teng huquqli a’zosi hisoblanadi.

Kengash raisi o‘zining faoliyati davomida institut hamda Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi oldida hisobdordir.

Murabbiylar Kengashi a’zosi (murabbiy)ning huquqlari: 

– murabbiylik guruhining barcha darslariga o‘qituvchi va kafedra mudiri bilan kelishilgan holda kirish;

– talabalarning o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy-maishiy hayotini yaxshilashda o‘z fikr va taklifini kiritish;

– o‘quv-tarbiyaviy sohalardagi muammolarni bartaraf etishni dekanatdan so‘rash va unga echim topish;

– fakultet va institut Kengashida talabalar masalasi ko‘rilganda unda ishtirok etish;

– madaniy tadbir va sport musobaqalarini o‘tkazishda institut rahbariyatidan yordam so‘rash;

– o‘z pedagogik tajribalaridagi yangiliklarni amaliyotda qo‘llash, yoqlash va ommalashtirish;

– talabalarga tavsifnoma va tavsiyanoma berish va talabalar safidan chiqarish masalasini hal etishda ishtirok etish;

– ichki-tartib qoidalarni buzgan talabalarga nisbatan chora ko‘rish to‘g‘risida fakultet va institut rahbariyatiga taklif kiritish;

– talabalar haqidagi dekanatdagi ma’lumotlardan to‘la foydalanish;

– lozim bo‘lganda talabalar huquqlarini himoya qilish;

– talaba va o‘qituvchi o‘rtasidagi muammoli vaziyatni adolatli hal etishda ishtirok etish;

– talabaning ota-onasiga murojaat qilish va uning xatti-harakati haqida ma’lumot berish;

– talabani rag‘batlantirish bo‘yicha institut rahbariyatiga taklif kiritish;

– ijarada yashaydigan, yaqin qarindoshi yoki tanishining uyida yashaydigan talabalar xususida mahalla raislari va profilaktika nozirlari bilan aloqa o‘rnatish;

– belgilangan tartibda ustama haq va rag‘bat olish.

Murabbiylar Kengashi a’zosi (murabbiy)ning majburiyatlari: 

– axborot yo‘nalishida: talabalarni talabalik burchi va institut ichki tartib-qoidalari hamda ijtimoiy-siyosiy hayotdagi so‘nggi yangiliklar bilan tanishtirish;

– tashkiliy yo‘nalishda: guruhda siyosiy axborot darsi, suhbat, bahs, savol-javob, uchrashuvlar o‘tkazish; guruhlararo musobaqalar tashkil etish; talabalarni institut, kafedralarning ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-tadqiqot va jamoat ishlariga jalb etish; talabalar turar joyida, ijarada yoki yaqin qarindoshinikida turuvchi talabalar bilan alohida ishlar olib borish; TTJ hamda institut binolarida navbatchilikka turish.

– nazorat yo‘nalishida: talabalarning ruhiy, axloqiy, ma’naviy-ma’rifiy xususiyatlarini va ular haqidagi shaxsiy ma’lumotlarni yorituvchi kundalik hamda murabbiy darsi va ish rejadagi turli xil tadbirlarni qayd qilish jurnalini tutish va uni tartibli yuritish.

Kengashning ish tartibi 

  1. Murabbiylar Kengashi avgust oyining 20 – sanasidan iyul oyining 20 – sanasiga qadar faoliyat olib boradi.
  2. Murabbiylar Kengashining yillik ish rejasi har yili avgust oyida Kengash raisi tomonidan ishlab chiqiladi va uni yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektor tasdiqlaydi.
  3. Kengash rejada ko‘rsatilgan masalalar yuzasidan yig‘ilishlar o‘tkazib boradi.
  4. Kengashning yig‘ilishlari oldindan belgilangan reja asosida har uch oyda bir marta o‘tkaziladi.
  5. Yig‘ilishlarga Kengash raisi rahbarlik qiladi. Institut rektori yoki prorektor ishtirok etgan yig‘ilishlarda raislik rektor yoki prorektor tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
  6. Murabbiylar kengashini tugatish, tarkibiga o‘zgartirish kiritish yoki qayta tuzish vakolati institutning rektori, fakultetlarda esa fakultet dekanlariga beriladi. Bunda institut yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektori va fakultet dekanining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tavsiyasi asos sifatida olinadi. 

Ma’murova Feruza Islamovna

Instutit Murabbiylar kengashi raisi

Kengash raisining huquqlari

Murabbiylar Kengashining raisi Kengashga umumiy rahbarlik qilib, quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

– institut yoki fakultet rahbariyati bilan kelishgan holda xohlagan guruhining darslariga kirish;

– institutdagi barcha Kengashlarning yig‘ilishlarida ishtirok etish;

– institutdagi murabbiylar faoliyatiga doir takliflar kiritish;

– institut Kengash yig‘ilishi yoki boshqa kengashlarga murabbiylik faoliyatida kamchilikka yo‘l qo‘ygan yoki ichki tartibni buzgan murabbiylar bo‘yicha taklif kiritish;

– murabbiylarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar berish.

Murabbiylar Kengashi raisining majburiyatlari:

– institutdagi murabbiylarni mazkur nizom va boshqa tartib-qoidalar bilan tanishtirish;

– bir o‘quv yili davomida kamida uch marta Murabbiylar Kengashi yig‘ilishini o‘tkazish;

– Murabbiylar Kengashi ishini Mazkur Nizom asosida olib borilishini ta’minlash.