Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining buguni va kelajak strategiyasi

Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti O‘zbekistonda temir yo‘l uchun mutaxassislar tayyorlab beradigan yagona texnika oliy o‘quv yurti hisoblanadi.

Institut bugungi kunda yirik ta’lim va ilm-fan markazi bo‘lib, u azaliy professional va pedagogik a’nanalariga ega. Institutda mutaxassislar tayyorlashning innovatsion uslubiyoti ustuvor hisoblanib, u “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ korxonalari buyurtmalari bo‘yicha loyihalarni ro‘yobga chiqarishda ta’lim va ishlab chiqarish jarayonlarining uyg‘unligiga asoslangan.

Hozirda 4 ta fakultetda 20 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va 14 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida», «Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim to‘g‘risidagi Nizom», O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, Fanlar akademiyasi va yuqori tashkilotlardan kelayotgan ko‘rsatma va buyruqlar asosida Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining kelgusi 2017 – 2021 – yillarga mo‘ljallangan ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash rejasi tuzilgan va uni amalga oshirish bo‘yicha ishlar rejali ravishda amalga oshirilmoqda.

Institutda hozirda 3 ta ilmiy laboratoriya faoliyat olib bormoqda: «Materialshunoslik va chilangarlik», «Avtomatika, telemexanika va aloqa», «Yo‘l va yo‘l xo‘jaligi».

«Materialshunoslik va payvandlash» ilmiy – tadqiqot laboratoriyasining negizida «Materialshunoslik» universitetlararo ITL yaratilishi rejalashtirilgan. Loyiha amalga oshirilishi natijasida jahon talablariga mos keladigan ilmiy – tadqiqot laboratoriyasi institutda faoliyat ko‘rsatishni boshlaydi.

Integratsion jarayonlarni jadallashtirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi olimlari va chet el olimlari bilan uchrashuvlar, seminarlar tashkillashtirish, institut yosh olimlari uchun ilm-fan bilan shug‘ullanishlari va nufuzli universitetlarning olimlari bilan fikr almashish uchun imkoniyatlarni yaratish maqsadida institut bugungi kunda chet eldagi 17 ta nufuzli universitet bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Bulardan, Moskva po‘lat va qotishmalar instituti, N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti, Koreya milliy transport universiteti, Peterburg davlat temir yo‘l universiteti, Sileziya politexnika universiteti va boshqalar. Mazkur universitetlarda 20 nafar magistr, 15 nafar aspirant va bir nafar doktorant tahsil olmoqda.

2017 – yilda institutning 2 nafar talabasi Beruniy nomidagi stipendiya va bir nafar talabasi Islom Karimov nomidagi stipendiyaga sazovor bo‘ldi. 14 nafar talabaga “O‘zbekiston temir yo‘llari” nomli stipendiya tayinlandi.

Respublika fan olimpiadalarida birinchi bosqichida 37 o‘quv fanlari bo‘yicha institutning 98 nafar professor-o‘qituvchilardan rahbarligida 689 talaba ishtirok etdi. Respublika fan olimpiadasining ikkinchi bosqichida esa 28 o‘quv fanlari bo‘yicha 27 nafar talaba ishtirok etdi. Turli ilmiy konferensiyalarda 700 dan ortiq talabalar o‘z maqolalari bilan qatnashdilar.

Bugungi kunda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti tomonidan «Temir yo‘l transporti: dolzarb masalalar va innovatsiyalar» nomli xalqaro ilmiy – texnik jurnali ta’sis etilmoqda. Ushbu jurnalda Rossiya, Belorusiya, Polьsha, Yaponiya, Janubiy Koreya va Qozog‘iston olimlari tahririyat a’zosi bo‘lishga rozilik bildirgan. Jurnalda maqolalar ingliz tilida chop etiladi.